O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini ajratish tizimi o‘zgartiriladi
Kelgusi yildan subsidiyalarni xarajatlarni qoplashga emas, hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi kabi aniq natijalarga bog‘lash taklif qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalarni ajratish va qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kengaytirilib, subsidiyalarni ajratish jarayonlari raqamlashtirilmoqda. 2026-yilda sohadagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilgan bo‘lib, buning uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan.
Ayrim yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilmoqda, to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari esa qisqartirilgan.
Subsidiyalar aniq natijaga bog‘lanadi
Taqdimotda subsidiyalarni shunchaki xarajatlarni qoplashga emas, balki aniq natijalarga bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan 2027-yildan boshlab “mablag‘ ajratish” modelidan “natijaviy subsidiya” modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi.
Yangi tizimda hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi hamda sarflangan resurslar evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi.
Barcha ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Shuningdek, har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, erishilgan natijalar onlayn kuzatib boriladi.
Dastlab yangi mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablag‘larini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qamrovi kengaytiriladi
Taqdimotda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimini takomillashtirishga ham e’tibor qaratildi. Hozirda “Agrosafe” axborot tizimi orqali elektron ariza berishdan tortib, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda sug‘urta tovonini to‘lashgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirilgan.
Sug‘urta qamrovini kengaytirish doirasida bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni sug‘urtalash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.
2027-yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60% ga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash va sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish maqsad qilingan.
Sug‘urta mukofotining bir qismi xavflarning oldini olishga yo‘naltiriladi
Yangi yondashuvda sug‘urta faqat yetkazilgan zararni qoplash vositasi bo‘lib qolmasdan, xavflarning oldini olishga ham xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu maqsadda sug‘urta mukofotining 3–5% ini maxsus jamg‘armada shakllantirib, chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga yo‘naltirish taklif qilindi.
Paxta va g‘allachilikda biologik himoya tadbirlarini, bog‘dorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoyalanish vositalarini moliyalashtirish taklif etildi.
Prezident subsidiya va sug‘urta tizimlari, avvalo, fermerlar uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari esa aniq natijaga xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor to‘lash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bildirilgan takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ