Migratsiya agentligining sobiq rahbari xalqaro qidiruvga berildi
Sobiq amaldor fuqarolarni ishga joylashtirishdagi firibgarlik holatlari bo‘yicha gumon qilinmoqda
Фото: Интерпол
O‘zbekiston Migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi filiali sobiq direktori Azizbek Toshtemirov o‘zganing mulkini noqonuniy o‘zlashtirishda gumonlanib, Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol orqali qidiruvga berildi. Bu haqdagi ma’lumot Interpolning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qidiruv kartasida erkak moliyaviy firibgarlikda gumon qilinayotgani ko‘rsatilgan. Ayblov tafsilotlari esa so‘rov tashabbuskori tomonidan taqdim etilgan shaklda o‘zgartirilmasdan joylashtirilgan.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, qidiruvga berilgan shaxs avval Seul shahrida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan. Biroq 2025-yil bahorida aniqlangan qator qonunbuzarliklar sabab u egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.
Bundan avval huquq-tartibot organlari fuqarolarni xorijga ishlash uchun noqonuniy yuborish bilan shug‘ullangan yirik jinoiy tarmoqni fosh etgandi. Guruh tarkibiga sobiq davlat xizmatchilari hamda xususiy rekruting kompaniyalari vakillari kirgan. Dastlabki tergov davomida prokuratura 35 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda $263,5 ming mablag‘ olinganini aniqlagan. Keyinchalik aniqlangan zarar miqdori bir necha barobarga oshib, $90 mlnga yetgani ma’lum qilingan.
Tergovchilar gumonlanuvchilar rasmiy to‘lovlardan tashqari ish izlovchilardan $7 mingdan $12 minggacha pora talab qilganini aniqlagan. Natijada 600 nafardan ortiq fuqaro mablag‘ to‘laganiga qaramay, xorijga ishlash uchun yuborilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ