Toshkent metrosining “Shahriston” bekatida shishali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif qilindi

Shuningdek, mashinadan metro tizimiga qulay o‘tish uchun Park&Ride tizimi joriy etilishi mumkin

Toshkent metrosining “Shahriston” bekatida shishali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif qilindi

Kapital.uz avval xabar berganidek, Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Unda ma’lum qilinishicha, 2027−2030-yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.

Shuningdek, 2027−2035-yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.

Yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Shuningdek, avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida Park&Ride (bu transport tizimi bo‘lib, haydovchilar avtomobilni shahar chetidagi maxsus avtoturargohda qoldirib, keyin jamoat transporti orqali markazga yo‘l oladi) tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.

Prezidentimiz jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Taqdim etilgan takliflarni ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

2026−2028-yillarda metroda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obyektlarining texnik bazasini modernizatsiya qilish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.

Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” bekatining platformalariga sinov tariqasida shisha himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalarda baxtsiz hodisalar sonini 80−90% ga kamaytirish imkonini beradi, deyiladi taqdimotda.

Bundan tashqari, himoya to‘siqlari qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali metropoliten daromadlarini oshirishga yordam beradi.

Qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Vagon va platformalardagi raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga o‘tkazish, stansiyalarda savdo apparatlari va kichik savdo obyektlarini joylashtirish, metro bekatlari yaqinida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bo‘sh turgan metropoliten bino va inshootlarini tadbirkorlarga kimoshdi savdosi orqali kovorking va kichik ofislar uchun ijaraga berish taklifi bildirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

35 ta shahar va tuman soliq inspeksiyalarida yangi rahbar tayinlandi
/
35 ta shahar va tuman soliq inspeksiyalarida yangi rahbar tayinlandi
SOCAR O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi
/
SOCAR O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi
Mingo‘rik − Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishida yangi metro liniyasi qurilishi rejalashtirilmoqda
/
Mingo‘rik − Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishida yangi metro liniyasi qurilishi rejalashtirilmoqda