“Shahrisabz” aeroporti faoliyati tiklandi
Ikki hafta oldin aeroport ta’mirlash ishlari uchun yopilgandi
Фото: Uzbekistan Airports
Bugun, 26-mart kuni “Shahrisabz” aeroporti ikki haftalik tanaffusdan so‘ng muntazam yo‘lovchi qatnovlarini qabul qilishni boshladi, deb xabar bermoqda Tashkent Airports.
Havo qatnovini “Silk Avia” kompaniyasining US721 reysi ochdi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:17 da Shahrisabz aeroportiga qo‘ndi.
Avval xabar qilinganidek, 13-mart kuni “Shahrisabz” aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. Uzoq muddatli foydalanishdan keyin uchish-qo‘nish yo‘lagi sirti mustahkamlanib, yangi asfalt bilan almashtirildi. Yurish yo’lagini ta’mirlash ham yaqin vaqt ichida yakunlanadi, bu esa parvozlar qulayligi va xavfsizligini oshiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ