O‘zbekistonda influens-marketing bozori qanday o‘zgaryapti
“Faces” asoschisi Sabina Bakiyeva bozorning yangi qoidalari, boshqaruv va brendlar haqidagi fikri bilan bo‘lishdi
Influens-marketing O‘zbekistonda tobora professional tus olib, bozorda agentliklar ko‘paymoqda. Brendlar strategiyaga ko‘proq e’tibor qaratsa, blogerlar reklama kampaniyalarining muhim qismiga aylangan.
“Faces” asoschisi Sabina Bakiyeva aytishicha, agentlikni yaratish oldindan tuzilgan biznes-reja emas, balki sevimli mashg‘ulotning tabiiy davomiga aylangan.
Rostini aytsam, xarakterim jihatidan men tadbirkor emasman. Blogerlar bilan ishlashni boshlaganimda reklama agentligi ochish maqsadim bo‘lmagan. Bu ko‘proq xobbi sifatida boshlangan, — deydi u.
Sabina ikki yil davomida bu faoliyatni asosiy ish bilan parallel olib borgan. O‘sha paytda u Turizm davlat qo‘mitasi huzuridagi Chorvoq direksiyasida ishlagan va qo‘l ostida taxminan 14 nafar bloger bo‘lgan.
2023-yil boshida esa u barcha boshqa loyihalarni yopib, faqat influens-marketingga e’tibor qaratishga qaror qilgan. Dastlab menejer sifatida ishlagan Sabina Bakiyevaga keyinchalik yirik kompaniyalar murojaat qila boshlagan.
Shundan keyin to‘laqonli agentlik yaratish zarurati paydo bo‘lgan va 2023-yil 24-oktabr kuni “Faces” tashkil etilgan. O‘sha paytda jamoa atigi uch kishidan iborat edi: Sabina, menejer va buxgalter.
“Tez pul emas, reputatsiya muhim edi”
Sabina Bakiyeva aytishicha, “Faces” rivojlanishidagi eng muhim qarorlardan biri sifatga uzoq muddatli investitsiya qilish bo‘lgan.
Men uchun asosiy tamoyil xizmat sifati va uni doimiy yaxshilab borish edi. Tez pul ishlashni asosiy maqsad qilmaganman. Men uchun eng muhimi obro‘ bo‘lgan.
Uning aytishicha, agentlik tashkil topgan birinchi yilning o‘zidayoq qo‘shilish bo‘yicha bir nechta takliflar bo‘lgan. Shunga qaramay, u investitsiyasiz bo‘lsa ham mustaqil rivojlanishni tanlagan va barcha daromadlarni kompaniya rivojiga qayta yo‘naltirgan.
Bugungi kunda “Faces”ning asosiy yo‘nalishi influens-marketing bo‘lib qolmoqda. Agentlik turli brendlar uchun blogerlarni tanlaydi va reklama kampaniyalarini amalga oshiradi.
Bundan tashqari, “Faces” O‘zbekistondagi 57 nafar bloger bilan eksklyuziv asosda ishlaydi. Loyihalar geografiyasi esa mamlakat tashqarisiga ham chiqib ulgurgan.
Strategiyaga talab ortmoqda
Sabina Bakiyevaning fikricha, O‘zbekiston reklama bozori so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgargan. Endi brendlar shunchaki reklama joylashtirish emas, strategik yondashuvni talab qilmoqda.
Bugungi kunda shunchaki bir nechta blogerga integratsiya joylashtirish yetarli emas. Maksimal natijaga optimal xarajat bilan erishish muhim. Strategiya va mediarejasiz bunga erishib bo‘lmaydi.
Uning aytishicha, bozor strategiya uchun pul to‘lashga allaqachon tayyor.
Shu bilan birga, “Faces” ham xizmat yo‘nalishlarini kengaytirgan. Bugungi kunda agentlik klassik PR, Telegram-kanallarda reklama joylashtirish, prodakshn, jurnalistik pitching, antikrizis PR va xorijiy brendlarni O‘zbekiston bozoriga olib kirish bilan ham shug‘ullanadi.
Banklar, fintex va marketpleyslar eng faol segmentga aylandi
“Faces” asoschisining ta’kidlashicha, ayniqsa so‘nggi bir yil ichida banklar, to‘lov tizimlari va fintex-servislar influens-marketingga faolroq sarmoya kirita boshlagan.
Shuningdek, marketpleyslar ham bozordagi eng faol o‘yinchilardan biriga aylangan.
Marketpleyslar ko‘p jihatdan kreativ industriya rivojiga turtki bermoqda, — deydi u.
Uning fikricha, influenserlarning o‘zi ham sezilarli darajada o‘zgargan. Agar avval bozorda asosan lifestyle-blogerlar yoki vaynerlar mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hozir deyarli har bir yo‘nalishda auditoriyaga ega kontent yaratuvchilar paydo bo‘lgan.

Bugun avtoblogerlar, restoran sharhlovchilari, strimerlar, fashion-stilistlar va bolalar-blogerlar ham faol auditoriyaga ega.
“Har bir bloger bugungi kunda o‘z auditoriyasining aniq aksidir, — deydi Sabina Bakiyeva.
“Bozorda ishonch kamaygani yo‘q”
So‘nggi uch yil ichida influenserlar soni bir necha barobar oshgan bo‘lsa-da, Sabina Bakiyeva reklama bozorida umumiy ishonch pasaymaganini ta’kidladi.
Uning fikricha, muammo ayrim blogerlarning juda ko‘p reklama bilan auditoriya ishonchini yo‘qotishida.
Influencer juda ko‘p brend bilan ketma-ket ishlasa va auditoriya bilan aloqani yo‘qotsa, ishonch kamayadi, qiziqish tushadi va obunachilar ketishni boshlaydi.
Shuningdek, bozorni tartibga solish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Bugungi kunda ko‘plab blogerlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki YaTT sifatida ishlaydi, soliqlar to‘laydi va rasmiy shartnomalar tuzadi. Ayrimlari esa QQS to‘lovchisiga aylangan.
Ammo qonunchilik bazasi hali to‘liq shakllanmagan. Hozirgacha bloger kimligi va uni yuridik jihatdan OAVga kiritish mumkinmi yoki yo‘qmi — aniq belgilanmagan.
“Regulyatsiya bozorni cheklamasligi kerak”
Sabina influens-marketing bozorida qat’iy nazorat emas, muvozanat muhimligini, hozir bozorning o‘zi ham reputatsiya orqali asta-sekin o‘zini tartibga sola boshlaganini qayd etdi.
Sifatsiz ishlaydigan blogerlar auditoriya va brendlar ishonchini juda tez yo‘qotadi. Shu bilan birga, reklama shaffofligi, soliqlar va yuridik maqom bo‘yicha asosiy qoidalar ham zarur. Regulyatsiya industriya o‘sishiga yordam berishi kerak, uni cheklashi emas.
“Faces” kelajakda ekotizimga aylanishni maqsad qilgan
Sabina Bakiyeva keyingi 3–5 yil ichida “Faces”ni oddiy agentlik emas, balki to‘liq ekotizim sifatida ko‘rishini aytdi.
Kompaniya influens-marketingdan tashqari prodakshn, PR va xalqaro bozorlardagi faoliyatni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kelajakda texnologiyalar va influens kesishgan nuqtadagi mahsulotlar ham paydo bo‘lishi mumkin.

Uning fikricha, influens-marketing O‘zbekistonda yaqin yillarda iqtisodiyotning muhim qismiga aylanadi.
Bu endi shunchaki reklama instrumenti emas. Influens-marketing iste’molchi xulq-atvoriga, yangi mahsulotlarga va brendlar shakllanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmoqda. Industriya prodakshndan tortib analitika va kampaniya boshqaruvigacha yangi ish o‘rinlari va kasblarni ham yaratmoqda.
Men ishonaman, yaqin yillarda influens-marketing O‘zbekistonda aniq qoidalarga ega, yuqori raqobatli va iqtisodiyotga katta hissa qo‘shadigan to‘laqonli industriyaga aylanadi.
“Faces” tarixi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi influens-bozor endi tasodifiy hamkorliklar emas, balki aniq biznes modeli va uzoq muddatli yondashuv asosida rivojlanmoqda. Bu esa butun industriyaning yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ