20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi
Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamalarida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumotlar aniqlangani uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘lladi
Фото: Kapital.uz
Raqobat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan moliyaviy xizmatlar reklamalarini o‘rganish natijasida reklama qonunchiligi talablarini buzgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘lladi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, monitoring davomida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan reklama materiallari hanuz uchrab turayotgani aniqlangan. Bunday qonunbuzilishlarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar reklamalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘rganishlar davomida ayrim reklamalarda omonatlar va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sug‘urta to‘lovlari kabi iste’molchi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar umuman keltirilmagani yoki juda qisqa, noaniq va tushunish qiyin shaklda berilgani aniqlangan.
Shuningdek, ayrim moliyaviy xizmatlar reklamalarida ikki ma’noli iboralar qo‘llanilgani, xizmat shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilgani hamda boshqa tashkilotlarning nomi yoki tovar belgilariga oid kalit so‘zlardan foydalanish orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari qayd etilgan.
Qo‘mita bunday amaliyotlar iste’molchilarning tovar va xizmatlar to‘g‘risida to‘g‘ri, to‘liq va ishonchli axborot olish huquqini buzishini ta’kidladi.
Amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, moliyaviy xizmatlar reklamasi boshqa axborotlardan aniq ajralib turishi, iste’molchilarning ishonchini suiiste’mol qilmasligi, xizmatga bevosita aloqador bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasligi hamda shartnoma tuzishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha shartlarni to‘liq ochib berishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamalari aniq, to‘liq va iste’molchilar uchun oson o‘qiladigan shaklda taqdim etilishi, muhim ma’lumotlar mayda shrift yoki o‘qilishi qiyin ko‘rinishda berilmasligi kerakligini eslatdi.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamalarida noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar joylashtirilgani aniqlangan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi ma’lum qilindi.
Kapital.uz avvalroq Markaziy bank 16 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotlarini 1,3 mlrd so‘mlik jarimaga tortgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ