Markaziy bank 16 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotlarini 1,3 mlrd so‘mlik jarimaga tortdi
Qoidabuzarliklar kredit shartnomalari, mijozlar murojaatlari va kredit tarixini yuritish bilan bog‘liq tekshiruvlarda aniqlangan
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunida bir qator bank va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘lladi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda 16 ta bank faoliyati tekshirilib, qonunchilik talablarining buzilishi holatlari aniqlangan.
Mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki bo‘yicha belgilangan me’yorlarga amal qilinmagani, mijozlar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi buzilgani, kredit shartnomalarida majburiy ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagani hamda kredit tarixiga oid ma’lumotlar kredit byurolariga belgilangan muddatlarda taqdim etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Uzum Bank faoliyatida esa rasmiy veb-saytda iste’molchilar uchun e’lon qilinishi lozim bo‘lgan axborotlarning to‘liq joylashtirilmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilgani, kredit tarixi ma’lumotlari kechiktirib yuborilgani hamda mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarda qonunchilikda nazarda tutilgan talablar to‘liq aks ettirilmagani aniqlangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar uchun:
- Shaffof-moliya MMTga — 201 mln so‘m;
- Tezcoin MMTga — 156 mln so‘m;
- Uzum Bankka — 215,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Ipoteka-bank faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ham o‘rganildi. Tekshiruv davomida bank ayrim hollarda kredit to‘lovlarini to‘lov jadvalida belgilangan muddatdan oldin mijozlarning plastik kartalaridan yechib olgani, ayrim shartnomalarda bunday yechib olish nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, mablag‘lar akseptsiz (roziliksiz) undirilgani aniqlandi.
Shuningdek, garov reyestriga oid yozuvlarni belgilangan muddatlarda chiqarilmagani hamda kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda qonunchilik talablari buzilgani qayd etildi.
Mazkur qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bankka 105 mln so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Markaziy bank birinchi chorak davomida tijorat banklarining hududiy filiallarida “sirli mijoz” usulida ham nazorat tadbirlarini o‘tkazgan. Unda iste’molchilar bilan ishlashda oshkoralik, axborotlarning to‘liqligi va shaffofligiga oid talablar yetarli darajada bajarilmagani aniqlangan.
Natijada 14 ta tijorat bankiga nisbatan jami 681,5 mln so‘m jarima qo‘llanildi. Shundan Agrobank 255 mln so‘m, O‘zsanoatqurilishbank esa 119,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ