“O‘zmetkombinat”dagi yangi Quyuv-prokatlash majmuasi qiymati $839 mlnni tashkil etdi
Prezident korxona samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” huzurida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari yagona boshqaruv markazi orqali nazorat qilinadigan avtomatlashtirilgan metallni qayta ishlash jarayonini ko‘zdan kechirdi. Qayd etilishicha, ishlab chiqarish modernizatsiyasi natijasida kombinatning sof foydasi 2017-yildagi $14 mlndan 2025-yil yakuniga ko‘ra $23 mlnga oshgan.
Majmua qurilishi 2018-yil 29-avgustda boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati $839 mlnni tashkil etadi. 18 gektar maydonda joylashgan korxona mamlakatning metall mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabini qoplashga xizmat qiladi.
Loyiha amalga oshirilgach, kombinatning umumiy ishlab chiqarish quvvati 2 mln tonnaga yetadi. Shundan 1,04 mln tonnasi issiq prokatlangan po‘lat listlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Korxonadagi xodimlar soni esa 7 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Italiyaning Danieli kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqarishda ilk bor po‘latni uzluksiz quyish liniyasi boshqa texnologik uskunalar bilan yagona tizimga birlashtirildi. Avvallari ishlab chiqarish liniyalari turli nuqtalarda ishlayotgan to‘qqiz nafar xodim tomonidan boshqarilgan bo‘lsa, endilikda butun jarayon bitta pult orqali uch nafar mutaxassis tomonidan nazorat qilinadi.
Prezident korxona dasturiy ta’minotiga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish orqali ishlab chiqarish barqarorligi va iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Yangi uskunalar prokatlash valklarini ishlab chiqarishni to‘xtatmasdan va qo‘l mehnatisiz avtomatik almashtirish imkonini beradi. Natijada ushbu jarayon 40 daqiqadan 5–7 daqiqagacha qisqargan.
Tashrif davomida korxonada ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar namunalari ham taqdim etildi. Kombinat rahbariyati issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat zanjiri shakllantirilgani hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida axborot berdi.
Shuningdek, armatura bozorini tartibga solish, bino va inshootlar qurilishida qora metallardan foydalanishni nazorat qilish hamda zilzilalar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq “O‘zmetkombinat”da O‘zbekistonda ilk bor yiliga 1 mln tonna quvvatga ega, qiymati 8 trln so‘m bo‘lgan po‘lat list ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgandi. Mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida kelgusi yillarda $180 mlnlik yangi metallurgiya zavodi va $70 mln investitsiya hisobiga ekologik texnologiyalar sanoat parki barpo etilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ