“Tebinbuloq” koni ishga tushirilgach, O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqariladi
Prezident O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirdi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirdi. Marosimda davlat rahbari kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijiy hamkorlarni yangi loyiha bilan tabrikladi.
Prezident so‘nggi yillarda kon-metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. So‘nggi o‘n yilda tarmoqqa qariyb $2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan. Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 150 tadan oshgan.
Shu davr mobaynida mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 mln tonnaga, qiymati esa 23 trln so‘mga yetgan. Taqqoslash uchun, 2016-yilda mamlakatda 800 ming tonna metall mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning qiymati 1,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Davlat rahbari iqtisodiyotning texnologik rivojlanishi va yirik infratuzilma loyihalari metall mahsulotlariga bo‘lgan talabni kelgusi yillarda 1,5 barobarga oshirishini qayd etdi.
Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi O‘zbekistonda issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqaradigan ilk korxona bo‘ldi. Majmua to‘liq quvvatda ishlagach, yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqarilib, 8 trln so‘mlik mahsulot tayyorlanadi. Natijada Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi hamda 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident kombinatni mahalliy xomashyo bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjud.
Kelgusi uch-to‘rt yil ichida “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Surun-ota” konida rudani boyitish hisobiga yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi olish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur xomashyoni qayta ishlash uchun qiymati $180 mlnlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.
Bundan tashqari, keyingi uch yilda $30 mln investitsiya hisobidan po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi.
Kombinat hududida “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” ham tashkil etiladi. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati $70 mlnlik oltita loyiha — katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyihalar natijasida yana 660 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida Prezident ramziy tugmani bosib, yangi Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga start berdi hamda kombinat xodimlari, soha faxriylari va xorijiy hamkorlar bilan muloqot qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ