Qahramonjon Olimov Parijdagi o‘g‘irlash va Interpol qidiruvi haqida birinchi marta bayonot berdi

Parijdagi voqeadan keyin unga va biznesiga nisbatan iqtisodiy, huquqiy hamda obro‘siga putur yetkazuvchi bosimlar kuchaygan

Qahramonjon Olimov Parijdagi o‘g‘irlash va Interpol qidiruvi haqida birinchi marta bayonot berdi

Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov so‘nggi 18 oy davomida o‘zi va oilasi turli hujumlarga duch kelganini ma’lum qildi. Uning bayonoti 16-oktabr kuni yuridik vakili Fedida Associes tomonidan e’lon qilindi.

Olimovning ta’kidlashicha, u 2025-yil 24-iyun kuni Parijda o‘g‘irlab ketilgan, ikki kun davomida ushlab turilgan va qiynoqqa solingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ozodlikka chiqishi uchun undan tovon puli talab qilingan.

Bankir Fransiya politsiyasi tergovi natijasida besh kishi hibsga olingani va tergov davomida qamoqda saqlanayotganini bildirdi. Yana ikki kishiga nisbatan sud nazorati choralari qo‘llangan. Olimovning aytishicha, ularga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Olimov Interpol qidiruvini provokatsiya deb atadi

Olimovning ta’kidlashicha, Parijdagi voqeadan keyin unga va biznesiga nisbatan iqtisodiy, huquqiy hamda obro‘siga putur yetkazuvchi bosimlar kuchaygan.

U O‘zbekiston tashabbusi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilganini ham izohsiz ayblovlar qatorida tilga oldi. Olimovga ko‘ra, uni odam o‘g‘irlashda ayblashgan, holbuki, uning o‘zi bu voqeada jabrlanuvchi bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Avvalroq Olimov Interpolning xalqaro qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum bo‘lgan edi. 15-oktabr holatiga ko‘ra, uning profili tashkilotning ochiq ma’lumotlar bazasidan olib tashlangan. Biroq qidiruvga oid qarorning bekor qilinishi yoki o‘zgarishi sabablari rasman izohlanmagan.

Olimov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga ishonishini bildirdi. Shuningdek, u ushbu voqealar O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga zarar yetkazayotganini ta’kidladi.

Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqmoqchi

Qahramonjon Olimov 2-oktabr kuni Anorbank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergan. Mazkur masala 28-oktabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Avval e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Olimov Anorbank aksiyalarining 49,4 foiziga egalik qiladi. Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasi ulushi 50% ni, Kapital Sug‘urtaning ulushi esa 0,6% ni tashkil etadi.

Fitch Anorbank reytingini yana pasaytirdi

Fitch Ratings 8-oktabr kuni Anorbankning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli reytingini “CCC+” dan “CCC” gacha pasaytirdi. Bankning hayotiylik reytingi ham “ccc+” dan “ccc” ga tushirildi. Har ikkala reyting salbiy kuzatuvga kiritildi.

Bu sentabr oyidan beri reytingning ikkinchi marta pasaytirilishi bo‘ldi. Fitch qaroriga Olimov bilan bog‘liq vaziyat va bankning kapitalni oshirish rejasiga doir noaniqliklar ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, Anorbank aksiyadorlari 5-oktabr kuni qo‘shimcha 100 mlrd so‘mlik aksiyalar chiqarishni ma’qullagan. Bank ushbu chora kapitalni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qashqadaryoda $250 mlnlik quyosh elektr stansiyasi quriladi
/
Qashqadaryoda $250 mlnlik quyosh elektr stansiyasi quriladi
Qashqadaryoda sanoat klasterlari infratuzilmasiga 250 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
Qashqadaryoda sanoat klasterlari infratuzilmasiga 250 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi
/
“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi