Prezident “Enterprise Uzbekistan” markazi haqidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi

Investorlar va texnologik kompaniyalar uchun soliq hamda boshqa imtiyozlar belgilanadi

Prezident “Enterprise Uzbekistan” markazi haqidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat “Enterprise Uzbekistan” uchun maxsus huquqiy muhit yaratib, mamlakatga xalqaro texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun uzoq muddatli huquqiy asosni belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, markazning maxsus huquqiy rejimi 2100-yilgacha amal qiladi. U korporativ va tijorat munosabatlari, investitsiya faoliyati, mehnat munosabatlari, ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish, davlat xizmatlari, sun’iy intellekt, ta’lim, innovatsiyalarni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, soliq va bojxona masalalarini qamrab oladi.

“Enterprise Uzbekistan” markazi Toshkentdagi IT Park Uzbekistan hududida joylashgan bo‘lib, global texnologik kompaniyalarning O‘zbekistonda biznesini tashkil etishi va kengaytirishi uchun maxsus yurisdiksiya sifatida faoliyat yuritadi.

Huquqiy rejim 2100-yilgacha amal qiladi

Qonun markaz uchun uzoq muddatli va barqaror huquqiy muhit yaratishni nazarda tutadi. Markaz qarorlari ingliz va uels umumiy huquqi hamda yetakchi xalqaro moliyaviy markazlar standartlarining ayrim elementlari asosida ishlab chiqilishi mumkin.

Maxsus huquqiy rejim doirasida berilgan imtiyoz va preferensiyalar ularning oluvchilari zarariga o‘zgartirilishi yoki amal qilish muddati tugashidan oldin bekor qilinishi mumkin emas.

Markazda tasdiqlangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar rezident bo‘lishi mumkin. Shuningdek, boshqa yurisdiksiyalarda tashkil etilgan kompaniyalar ishtirokidagi korxonalar, xorijiy tashkilotlarning filiallari va vakolatxonalari faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi.

Investorlar uchun yangi imkoniyatlar

Qonun muqobil va venchur investitsiyalar ekotizimini shakllantirish uchun huquqiy asos yaratadi. Investorlar institutsional investorlar, startap investorlari, rezident-investorlar va infratuzilmaviy investorlar kabi to‘rt toifaga ajratiladi.

Investorlar o‘z investitsiyalarining hajmi, shakli va yo‘nalishini mustaqil belgilashi hamda olingan daromadni erkin tasarruf etishi mumkin.

Maxsus rejim doirasida mablag‘lar, aktivlar, mol-mulk va mulkiy huquqlarni milliylashtirish, ekspropriatsiya, musodara, muzlatish va boshqa cheklovlardan himoya qilish nazarda tutilgan. Bunda qonunda belgilangan holatlar hamda sudning majburiy qarorlari bundan mustasno.

Innovatsiyalar uchun “regulyator sandbox”

Markazning asosiy vositalaridan biri “regulyator sandbox” tizimi bo‘ladi. U innovatsion texnologiyalar, mahsulot va xizmatlarni cheklangan bozorda nazorat ostida 12 oygacha sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.

Sandbox ishtirokchilariga ayrim huquqiy talablar vaqtincha tatbiq etilmasligi, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillaridan soddalashtirilgan holda foydalanish hamda markaz infratuzilmasi, jumladan, ilmiy laboratoriyalar va ekspert maslahatlaridan foydalanish imkoniyati beriladi.

Sinovdan o‘tgan yechim samarali va xavfsiz deb topilsa, uni markaz hududida doimiy joriy etish yoki O‘zbekistonning boshqa hududlariga bosqichma-bosqich kengaytirish mumkin.

Xorijiy mutaxassislar uchun uch yilgacha viza

Markazning xorijiy xodimlariga uch yilgacha bo‘lgan muddatga kirish vizalari beriladi. Vizani konsulliklarda, O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida yoki mamlakat hududida bo‘lgan holda olish mumkin.

Mehnat munosabatlari shartnomaviy tartibga solish, kamsitmaslik, mehnat xavfsizligi va adolatli haq to‘lash tamoyillariga asoslanadi. Masofadan ishlash, moslashuvchan grafik, turli ish vaqti rejimlari hamda muqobil haq to‘lash tizimlariga ruxsat beriladi.

Ma’lumotlar va intellektual mulk himoya qilinadi

Markazda shaxsiy ma’lumotlarni xalqaro standartlarga muvofiq qayta ishlash va himoya qilishning maxsus qoidalari amal qiladi. Ma’lumotlarni xavfsizlik, yaxlitlik va ishonchlilik talablariga rioya qilgan holda bulutli texnologiyalar yordamida saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.

Intellektual mulk huquqlarini xalqaro miqyosda e’tirof etilgan normalar asosida himoya qilish, shuningdek, ularni raqamli xizmatlar orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va himoyalashning qo‘shimcha mexanizmlari joriy etiladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish erkinligi ham kafolatlanadi. Bunda inson huquqlari, jamoat xavfsizligi va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari hisobga olinadi.

Markazda faqat uch turdagi soliq amal qiladi

Maxsus soliq rejimiga ko‘ra, markaz faoliyati doirasida QQS, foyda solig‘i va jismoniy shaxslar daromad solig‘i saqlanib qoladi. Boshqa soliqlar va yig‘imlar maxsus rejim doirasidagi faoliyatga tatbiq etilmaydi.

Markazda eksport va faoliyatning tegishli turlari uchun:

  • foyda solig‘i — 0 foiz;
  • QQS — 0 foiz;
  • xorijiy xodimlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘i — 0 foiz;
  • maxsus huquqiy rejim doirasidagi investitsiya faoliyatidan olinadigan dividend va boshqa daromadlar investorlar uchun soliqqa tortilmaydi.

Shuningdek, markazda ish yuritishning rasmiy tili ingliz tili etib belgilanadi.

Nizolar xalqaro tijorat sudida ko‘rib chiqiladi

Maxsus huquqiy rejim doirasida yuzaga keladigan fuqarolik, iqtisodiy, korporativ, mehnat va boshqa nizolar Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiksiyasiga kiradi.

Markazning oliy boshqaruv organi Prezident boshchiligidagi Boshqaruv kengashi hisoblanadi. Ma’muriyat esa markazning ijro etuvchi organi sifatida qoidalarni ishlab chiqish, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, loyihalarni monitoring qilish va “regulyator sandbox” faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Dastlab markaz organlari ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, investitsiyalar, soliq va bojxona ma’muriyati, mehnat munosabatlari, ma’lumotlarni himoya qilish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy tartiblarni belgilovchi hujjatlarni qabul qiladi.

Enterprise Uzbekistan keyingi bosqichda o‘zining huquqiy bazasi va raqamli xizmatlarini rivojlantirish, infratuzilmasini kengaytirish hamda global texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar va xalqaro hamkorlarni jalb qilishga e’tibor qaratadi.

Eslatib o’tamiz, bu haqdagi qaror 9-iyulda Senatda ma’qullanmay, tahrirlash uchun yuborilgandi. 10-avgustga kelib yakuniy tahrirdagi varianti Senat deputatlari tomonidan qabul qilingan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

IT Park rezidentlari xizmatlari eksporti $390 mlndan oshdi
/
IT Park rezidentlari xizmatlari eksporti $390 mlndan oshdi
Prezident ikkinchi atom elektr stansiyasi bo‘yicha tayyorgarlik boshlanini ma’lum qildi
/
Prezident ikkinchi atom elektr stansiyasi bo‘yicha tayyorgarlik boshlanini ma’lum qildi
Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi
/
Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi