Senat Enterprise Uzbekistan markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Yangi markaz ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yuritib, rezidentlarga bojxona va investitsiyalar bo‘yicha alohida shart-sharoitlarni taqdim etadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari IT Park hududida Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasini ikkinchi urinishda ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha ishtirokchilariga Britaniya huquq tizimi normalariga asoslangan maxsus huquqiy muhit taqdim etiladi. Rezidentlar soliqqa tortish bo‘yicha moslashuvchan shart-sharoitlar, shuningdek, zarur uskuna va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Kompaniyalar faoliyatini qulaylashtirish maqsadida “yagona darcha” tizimi joriy etiladi. Shuningdek, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar beriladi.
Bundan bir oy oldin, 9-iyul kuni hujjatning dastlabki varianti rad etilib, Qonunchilik palatasiga qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgandi. Parlament a’zolari investorlarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish hamda tashkil etilayotgan hudud rahbariyatining vakolatlarini aniq belgilashni talab qilgan.
Shundan so‘ng deputatlar va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillaridan iborat kelishuv komissiyasi tuzilib, qonun loyihasiga zarur o‘zgartirishlar kiritildi.
Davlat prognozlariga ko‘ra, loyiha ishga tushirilishi 2030-yilgacha O‘zbekistonning raqamli xizmatlar eksportini $5 mlrdgacha oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, tashabbus doirasida 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Qabul qilingan choralar Apple, Google, Microsoft va Amazon kabi yirik xalqaro texnologik kompaniyalarning O‘zbekiston ichki bozoriga kirishi uchun qulay sharoit yaratishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ