O‘zbekistonda Common Law asosidagi ilk xalqaro texnologik yurisdiksiya ishga tushirildi
Loyiha 2030-yilgacha $5 mlrdlik raqamli xizmatlar eksporti va 300 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan
Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) doirasida O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk Common Law (ingliz va uels huquqi) tamoyillariga asoslangan maxsus texnologik yurisdiksiya – Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi rasman taqdim etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur markaz sun’iy intellekt laboratoriyalari, BigTech kompaniyalari, ma’lumotlar markazlari, startaplar, venchur fondlari va ilmiy-tadqiqot markazlari uchun mo‘ljallangan maxsus biznes muhitini yaratishni maqsad qilgan.
Markaz alohida huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi. U ingliz va uels Common Law tizimi elementlariga asoslangan bo‘lib, o‘z qonunchiligi, mustaqil regulyatori va kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib davlat xizmatlaridan foydalanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oluvchi One-Stop-Shop platformasiga ega.
Enterprise Uzbekistan rezidentlariga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, ustuvor texnologik yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun korporativ daromad solig‘i nol foiz etib belgilanadi, eksport operatsiyalari uchun QQS undirilmaydi. Shuningdek, malakali xorijiy mutaxassislar jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinadi, O‘zbekiston fuqarolari uchun esa 7,5% lik imtiyozli daromad solig‘i joriy etiladi.
Markaz rezidentlariga kapital va foydani cheklovlarsiz olib chiqish, xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolariga uch yilgacha vizalar hamda kvotalarsiz ish ruxsatnomalarini olish imkoniyati yaratiladi. Barcha asosiy sharoitlar 2100-yilgacha kafolatlanib, bir tomonlama o‘zgartirilishi mumkin emas.
TIIF-2026 doirasida o‘tkazilgan “Global texnologik iqtisodiyot uchun yurisdiksiyalarni qayta ko‘rib chiqish” mavzusidagi panel sessiyasida xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning texnologik biznes uchun yangi global platformaga aylanish salohiyatini muhokama qildi. Unda IDA Ireland, Golden Gate Ventures, StartupBlink, The Metis Institute va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada ta’kidlanganidek, 38 mln aholiga ega, jadal iqtisodiy o‘sish sur’atlarini namoyish etayotgan va startap ekotizimi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori yillik o‘sish ko‘rsatkichlaridan birini qayd etgan O‘zbekiston texnologik biznes uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda.
Enterprise Uzbekistan 2030-yilgacha raqamli xizmatlar eksportini $5 mlrdga yetkazish, 300 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish hamda dunyoning yetakchi texnologik ekotizimlaridan birini shakllantirishni maqsad qilgan.
Avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Hujjat Toshkentda tashkil etilayotgan Enterprise Uzbekistan platformasi faoliyatini tartibga soladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ