Oliy Majlis Enterprise Uzbekistan loyihasi bo‘yicha qonunni birinchi o‘qishda ma’qulladi

Hujjat rezidentlar uchun maxsus huquqiy rejim va uzoq muddatli soliq imtiyozlarini nazarda tutadi

Oliy Majlis Enterprise Uzbekistan loyihasi bo‘yicha qonunni birinchi o‘qishda ma’qulladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Mazkur hujjat Toshkentda tashkil etilayotgan Enterprise Uzbekistan platformasi faoliyatini tartibga soladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Enterprise Uzbekistan hududida maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu esa kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziya berish va boshqa ma’muriy jarayonlarni soddalashtirishni nazarda tutadi. Rezidentlar faoliyati xalqaro standartlar asosida tartibga solinadi.

Hujjatda soliq va bojxona tartib-taomillari bo‘yicha alohida imtiyozlar belgilangan. Ayrim faoliyat turlari 2100-yilgacha majburiy to‘lovlardan ozod etilishi mumkin. Shuningdek, texnologiyalar, uskunalar va sarf materiallari importi yengillashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “yagona darcha” tizimi joriy etiladi. Bu orqali kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqaruv jarayonlarini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, investitsiyalar va intellektual mulk himoyasi kafolatlanadi.

Qonun loyihasida davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari ham belgilangan bo‘lib, bu ma’muriy yuklamani kamaytirishga qaratilgan. Rezidentlar davlat xizmatlaridan soddalashtirilgan tartibda foydalanishi va huquqiy nizolarni hal etishda xalqaro huquq normalarini qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida prezident tomonidan Enterprise Uzbekistan markazini tashkil etish bo‘yicha farmon qabul qilingan. Mazkur hududda Angliya va Uels huquqi hamda yetakchi xalqaro moliyaviy markazlar standartlariga asoslangan maxsus rejim amal qilishi rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 500 gektargacha yer ajratilib, imtiyozli kredit beriladi
/
Plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 500 gektargacha yer ajratilib, imtiyozli kredit beriladi
O‘zbekistonda telekommunikatsiya bozori 2025-yilda 18,3% ga o‘sdi
/
O‘zbekistonda telekommunikatsiya bozori 2025-yilda 18,3% ga o‘sdi
O‘zbekistonda dollar kursi to‘rtinchi kun ketma-ket pasaymoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi to‘rtinchi kun ketma-ket pasaymoqda