Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi

Hujjat regulyatorning pul-kredit siyosati, bank nazorati va to‘lov tizimlarini tartibga solishdagi vakolatlarini kuchaytiradi

Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2-oktabr kuni Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdagi mustaqilligini kengaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.

Hujjat Markaziy bankning pul-kredit siyosati, bank nazorati va to‘lov tizimlarini tartibga solishdagi vakolatlarini kengaytiradi. Shuningdek, regulyatorning moliya bozoridagi favqulodda holatlarga tezkor javob berish imkoniyatlarini oshirish ko‘zda tutilgan.

Markaziy bank hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtiriladi

Qonunga ko‘ra, Markaziy bankning yuridik xizmati ijobiy xulosa bergan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligida soddalashtirilgan tartibda 10 ish kuni ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Bu tartib prudensial normativlar, korporativ boshqaruv, ichki audit, risklarni boshqarish hamda aholining qarz yukiga oid talablarni ham qamrab oladi.

Shuningdek, ayrim Markaziy bank hujjatlarini umumiy uch oylik kechiktirishsiz kuchga kiritish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy bank faoliyatini tekshirish tartibi o‘zgaradi

Yangi tartibga ko‘ra, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyati Senat qarori asosida yoki qonunchilikda bevosita nazarda tutilgan hollarda tekshiriladi.

Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda ularning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligi tekshiriladi.

Biznes bilan majburiy kelishish talabi bekor qilinadi

Qonun Markaziy bank normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini Savdo-sanoat palatasi bilan majburiy kelishish talabini bekor qiladi.

Senat muhokamasida Markaziy bank hujjatlarini biznes-ombudsman bilan majburiy kelishish amaliyotidan ham voz kechilishi aytildi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, banklar va moliya tashkilotlari tadbirkorlik subyektlari bo‘lsa-da, ular moliyaviy resurslarni qayta taqsimlashda alohida o‘rin tutadi.

Bu kelishuvni bekor qilish tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvga olib kelmaydi va tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, — dedi u.

O‘zgarishlar xalqaro tavsiyalar asosida ishlab chiqilgan

Qonun Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) doirasida berilgan tavsiyalar hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.

FSAP baholashi 2024-yil oxiri — 2025-yilda o‘tkazilgan. Nosirovga ko‘ra, bu O‘zbekiston moliya tizimining ilk kompleks baholashi bo‘lgan.

Uning qayd etishicha, Markaziy bank faoliyatini tekshirish tartibini aniqlashtirish va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini soddalashtirish FSAP tavsiyalaridan kelib chiqqan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari xalqaro standartlarga muvofiqlik va FSAP natijalari xorijiy investorlar uchun mamlakat moliya bozorini baholashda muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka jarima qo‘lladi
/
Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka jarima qo‘lladi
Toshkentda yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun $840 ming talab qilgan shaxs ushlandi
/
Toshkentda yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun $840 ming talab qilgan shaxs ushlandi
O‘zbekistonda dollar kursi oshdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi oshdi