O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ikkinchi chorakda 13,1% ga oshdi
Yarim yil davomida eng ko'p pul o'tkazmalari Qozog'iston hissasiga to'g'ri keladi
Foto: Kapital.uz
2026-yilning birinchi yarmida mehnat migrantlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atlari biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, ijobiy ko‘rsatkichni saqlab qoldi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Xususan, birinchi chorakda pul o‘tkazmalari hajmi $3,8 mlrdni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 12,9% ga oshgan. Ikkinchi chorakda esa ushbu ko‘rsatkich $5,5 mlrdga yetib, yillik o‘sish 13,1% ni tashkil qilgan.
Mablag‘lar yuboriladigan mamlakatlar tarkibida ham diversifikatsiya jarayoni davom etmoqda.
2026-yil yanvar–iyun oylarida Qozog‘istondan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,2%, AQShdan 18,8%, Turkiyadan 14,2%, Janubiy Koreyadan esa 11,4% ga oshgan.
Rossiyadagi mehnat migrantlari tomonidan yuborilgan pul o‘tkazmalari o‘sishi esa 8,8% ni tashkil etgan.
Rossiyaga mehnat migratsiyasi qisqarmoqda
Tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
2026-yil yanvar–iyun oylarida ish izlab Rossiyaga borgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,18 mln nafarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 13,2% ga kam.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasining boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha diversifikatsiyalashuvi kuzatilmoqda. 2021–2025-yillarda Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa va AQShdagi O‘zbekiston fuqarolari soni sezilarli o‘sish tendensiyasini namoyon etgan.
Ushbu hududlardagi O‘zbekistonliklar umumiy soni 2024-yilda 10,1%, 2025-yilda esa 8% ga oshgan. 2025-yil yakuniga kelib, mazkur mamlakat va hududlarda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni qariyb 320 ming nafarni tashkil etgan.
Migratsiya oqimining eng yuqori o‘sishi Yevropa va Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2025-yilda Yevropa Ittifoqidagi O‘zbekistonlik migrantlar soni 13,2%, Turkiyada esa 10,7% ga oshgan.
2026-yil 1-iyul holatiga Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolari soni 70 ming nafarni tashkil etib, bir yil ichida 9,3% ga ko‘paygan. Janubiy Koreyada esa O‘zbekiston fuqarolari soni 102,2 ming nafarga yetib, 3,3% ga oshgan.
Migratsiya qisqarishi mehnat bozoriga ta’sir qilishi mumkin
Rossiya yo‘nalishidagi migratsiya oqimining qisqarishi ichki mehnat bozorida ishchi kuchi taklifining oshishiga olib kelishi mumkin. Bu ayrim tarmoqlarda ish haqi o‘sishining sekinlashishi va ish beruvchilar uchun mehnat xarajatlarining nisbatan pasayishiga sabab bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Biroq ayrim hududlarda migratsiyaning qisqarishi pul o‘tkazmalari kamayishi orqali uy xo‘jaliklari daromadlari va iste’mol talabiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ