O‘zini o‘zi band qilganlar uchun majburiy ijtimoiy soliq joriy etish taklif qilinmoqda
2027-yildan ular yiliga BHMninga bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq belgilanib, yil davomida bo‘lib-bo‘lib imkoniyati beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Kapital.uz ayni shu hujjat bilan pensiya yoshi erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshgacha oshirilishi taklid qilinayotganini xabar qilgandi.
2027-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun majburiy ijtimoiy soliq joriy etish taklif qilinmoqda. Bu orqali ularga pensiya ta’minoti va davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan. Iyul oyida ushbu taklif prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilingandi.
Taklifga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlar yiliga BHMning bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. Sentabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilangani hisobga olinsa, yillik to‘lov shu miqdorni tashkil etadi. Soliqni yil davomida bo‘lib-bo‘lib, oyiga 36,6 ming so‘mdan to‘lash mumkin bo‘ladi.
Hozirda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriy hisoblanadi. To‘langan soliq mehnat stajini shakllantirishda inobatga olinadi.
O‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqning 10% i Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari belgilangan tartibda ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
2027-yildan mehnat stajiga qo‘shiladigan, biroq ijtimoiy soliq yoki Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar bo‘yicha xarajatlarni davlat budjeti hisobidan qoplash taklif etilmoqda.
Shuningdek, pensiyalarni eng kam miqdorgacha yetkazish, pensiyalarga ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni moliyalashtirish ham davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Takliflar qatorida 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqtini joriy etish ham bor.
Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda esa 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarning rasmiy daromadi mavjudligi hisobga olinmasligi taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvardan korxona va tashkilotlar uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni bekor qilish taklif etilmoqda. Hozirda ijtimoiy soliq stavkasi 12% ni tashkil etadi. Yangi imtiyozlar joriy etilmasligi ham nazarda tutilgan.
Avvalroq ushbu qaror loyihasi bilan pensiya hisoblashda olinadigan ish staji 20 yilgacha oshirilishi ham taklif qilinayotgani xabar qilingandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ