Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda

Shavkat Mirziyoyev Shinhan Financial Group, KIND va Incheon International Airport Corporation vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda

Shavkat Mirziyoyev Seulga tashrifi doirasida Janubiy Koreyaning Shinhan Financial Group, KIND va Incheon International Airport Corporation kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shinhan Financial Group raisi Jin Ok Dong bilan uchrashuvda moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energetika va sanoat sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tijorat banklariga kredit liniyalarini ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatda Shinhan Bank sho‘ba bankini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar yangi moliyalashtirish instrumentlari va “yashil” kreditlarni jalb qilish, raqamli banking hamda kichik va o‘rta biznes uchun maxsus moliyaviy yechimlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

KIND korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Kim Bok Xvan bilan uchrashuvda O‘zbekistonning transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar qo‘shma investitsiya platformasi tashkil etilganini olqishladi. Shuningdek, yangi ilmiy-sanoat bioklasterini tashkil etish loyihasi doirasida ilm-fan, sanoat va zamonaviy texnologiyalarni birlashtiruvchi yagona ekotizim yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Toshkentning yangi xalqaro aeroporti atrofidagi hududni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish masalasi ham muhokama qilindi. Unda aeroport, zamonaviy logistika xablari va turar joy infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirish ko‘zda tutiladi.

Incheon International Airport Corporation prezidenti vazifasini bajaruvchi Kim Bom Xo bilan uchrashuvda Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish hamda Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihalarining amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Kompaniyaning Toshkent shahrida vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Uning negizida aeroportlarni boshqarish, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha kompetensiyalar markazini tashkil etish taklif qilindi.

Koreya tomoni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, aeroportlarni boshqarishda ilg‘or tajriba va texnologiyalarni joriy qilish hamda O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

WB Taxi Raqobat qo‘mitasining e’tirozlariga javob berdi
/
WB Taxi Raqobat qo‘mitasining e’tirozlariga javob berdi
Prezident administratsiyada ustuvor yo‘nalishlar va yirik loyihalar tahlil qilindi
/
Prezident administratsiyada ustuvor yo‘nalishlar va yirik loyihalar tahlil qilindi
Apple O‘zbekistonda Apple TV xizmatidan foydalanish imkoniyatini ochdi
/
Apple O‘zbekistonda Apple TV xizmatidan foydalanish imkoniyatini ochdi