Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati bilan tanishdi
Ayni vaqtda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda 260 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda
Foto: Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, mazkur ta’lim muassasasida 260 nafardan ziyod iqtidorli o‘g‘il-qiz ta’lim olishni boshlagan.
O‘quv jarayonida STEM yo‘nalishi — matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quvchilar ushbu fanlarni chuqur o‘zlashtirish bilan birga, turli loyihalar ustida ishlamoqda, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirib, mustaqil tadqiqotlar olib bormoqda.
Qayd etilishicha, xorijiy tillardan ingliz va xitoy tillari kuchaytirilgan tartibda o‘qitilmoqda.
Shuningdek, o‘quv dasturining salmoqli va muhim qismi ona tili, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti hamda madaniyatini o‘rganishga ajratilgan.
Qayd etilishicha, yoshlarga zamonaviy ta’lim berish va ular uchun kelajakda keng imkoniyatlar eshigini ochish bilan bir qatorda, ularga vatan tuyg‘usi, milliy o‘zligi va madaniyati bilan bog‘liqlikni singdirib borish muhim.
Saida Mirziyoyeva ta’limda zamonaviy bilimlar bilan milliy qadriyatlar uyg‘unligi eng muhim yondashuvlardan biri ekanini ta’kidlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ