O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchi o‘ringa chiqdi
Avgust oyida mamlakatda simli internetning o‘rtacha yuklab olish tezligi 94,5 Mbit/s ga yetdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Speedtest Global Index reytingida simli internet tezligi bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Avgust oyida O‘zbekistonda simli internet orqali ma’lumotlarni yuklab olishning o‘rtacha tezligi 94,23 Mbit/s dan 94,50 Mbit/s gacha oshdi. Shu hisobiga mamlakatning jahon reytingidagi o‘rni 76-o‘rindan 73-o‘ringa ko‘tarildi.
Mobil internet tezligi bo‘yicha ham o‘sish qayd etildi. Avgust oyida yuklab olish tezligi 62,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha oshib, O‘zbekiston 75-o‘rindan 72-o‘ringa ko‘tarildi.
Shuningdek, 2026-yil boshidan buyon mobil internetning yuklab olish tezligi 27% ga oshgani qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkich sakkiz oy ichida 51,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha yetgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi besh yil davomida mobil internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida 65 pog‘onaga yuqorilagan.
Adliya va Raqamli texnologiyalar vazirliklari tomonidan 26-yanvar kuni Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat fuqarolarga qulaylik yaratish, mobil va boshqa aloqa xizmatlaridan foydalanish tartibini yanada soddalashtirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ