Uzum O‘zbekistondagi eng yirik xususiy obligatsiya emitentiga aylandi
Kompaniya 2,1 trln so‘m jalb qildi va $50 mlnlik birinchi dollarli emissiyani tayyorlamoqda
Фото: Uzum
Uzum “Toshkent” Respublika fond birjasida 600 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarning beshinchi chiqarilishini amalga oshirdi. Obligatsiyalar bo‘yicha kupon daromadliligi 18% ni tashkil etdi.
Uzum beshta chiqarilishning barchasini hisobga olganda, mahalliy bozorda jami 2,1 trln so‘m jalb qilgan va mamlakatdagi eng yirik xususiy korporativ obligatsiya emitentiga aylangan. Mablag‘lar ekotizimning fintech yo‘nalishini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Uzum moliyaviy direktori Nikita Gulyayevning ta’kidlashicha, beshinchi joylashtirish bozorning kompaniya biznes modeliga bo‘lgan ishonchini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uzum obligatsiyalarni bozor orqali uzoq muddatli moliyalashtirish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘radi.
Jalb qilingan 2,1 trln so‘mning qariyb 60%i norezidentlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Kompaniya ushbu kapital O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining o‘sishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Uzum, shuningdek, Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tartibga solish sandboksida valyutadagi obligatsiyalarni chiqargan mamlakatdagi dastlabki kompaniyalardan biriga aylandi.
15-sentabr kuni regulyator Uzumning $50 mlnlik korporativ obligatsiyalarining oltinchi chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ular bo‘yicha kupon daromadliligi 8,5% etib belgilangan. Joylashtirishda Alkes anderrayter sifatida ishtirok etdi.
Kompaniya valyutadagi obligatsiyalarni asosan norezidentlar o‘rtasida joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
“Toshkent” Respublika fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda birjada korporativ obligatsiyalar savdosi hajmi 1,7 trln so‘mga yetgan.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida korporativ obligatsiyalarning jami chiqarilishi 7 trln so‘mdan oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ