Shayhontohur tumanida ikkita gastronomik hudud tashkil etiladi

Loyiha doirasida auksion g‘oliblari $1 mln miqdorida investitsiya kiritishi lozim

Shayhontohur tumanida ikkita gastronomik hudud tashkil etiladi

Toshkent shahar hokimiyati Shayxontohur tumanidagi Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab gastronomik zonalar tashkil etish loyihasini ma’qulladi. Bu haqdagi hokim Shavkat Umurzoqovning 15-sentabrdagi qarori E-qaror tizimida e’lon qilindi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat hamkori sifatida Tashkent Invest kompaniyasi belgilanib, unga loyiha hududidagi yer uchastkalarini xususiy investorlarga 10 yilgacha muddatga berish huquqi taqdim etilgan.

Loyiha doirasida umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan 8 ta lot savdoga chiqariladi. Ular Jangoh massivining 9 va 10-uylar hamda C-13 (Labzak) massivining 9 va 35-uylar yaqinida joylashgan. Lotlarning maydoni qariyb 61 kvadrat metrdan 1473 kvadrat metrgacha.

Tashkent Invest lotlarni qaror e’lon qilinganidan keyin 10 kun ichida, ya’ni 25-sentabrgacha E-auksion platformasi orqali onlayn savdoga chiqarishi kerak. Lotlarning boshlang‘ich qiymati hudud uchun belgilangan yer solig‘i stavkasidan kelib chiqib, 321,5 mln so‘m etib belgilangan.

Auksionda g‘olib bo‘lgan xususiy hamkor loyihaga Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha $1 mlngacha, biroq kamida 11 mlrd so‘m miqdorida investitsiya kiritishi lozim. Mablag‘larni jalb qilish uchun hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab uch oy muddat beriladi.

Investor ajratilgan hududlarda yengil va kapital bo‘lmagan konstruksiyalardan foydalanib, zamonaviy umumiy ovqatlanish shoxobchalari, savdo nuqtalari va avtoturargohlar tashkil qilishi mumkin. Hududda kamida bitta jamoat hojatxonasi ham bo‘lishi shart.

Loyiha ishga tushirilgach, olti oy ichida kamida 20 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanishi kerak. Ularning kamida 4 nafari ijtimoiy “daftarlar” ga kiritilgan fuqarolar bo‘lishi belgilangan.

Obyektlarning joylashuv sxemasi Toshkent shahar hokimiyati bilan kelishiladi. Qurilish va obodonlashtirish ishlari esa me’moriy, sanitariya, ekologik, yong‘in xavfsizligi hamda yo‘l harakati talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

Gastronomik zonada videokuzatuv tizimi, bepul Wi-Fi, dekorativ yoritish vositalari va o‘rindiqlar o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Yangi gastronomik ko‘chadan hokimiyat bilan kelishilgan holda festivallar va mavsumiy tadbirlarni o‘tkazishda foydalanish mumkin. Biroq davlat bayramlari yoki boshqa ommaviy tadbirlar vaqtida hokimiyat tadbir o‘tkaziladigan hududni vaqtincha bo‘shatishni talab qilish huquqiga ega.

Davlat-xususiy sheriklik shartlariga ko‘ra, Tashkent Invest loyiha sof foydasining 10% ini oladi. Xususiy hamkor ushbu ulushni har yili hisobot yilidan keyingi yilning 30-apreligacha to‘lashi kerak.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Uzum O‘zbekistondagi eng yirik xususiy obligatsiya emitentiga aylandi
/
Uzum O‘zbekistondagi eng yirik xususiy obligatsiya emitentiga aylandi
WB Taxi Raqobat qo‘mitasining e’tirozlariga javob berdi
/
WB Taxi Raqobat qo‘mitasining e’tirozlariga javob berdi
Prezident administratsiyada ustuvor yo‘nalishlar va yirik loyihalar tahlil qilindi
/
Prezident administratsiyada ustuvor yo‘nalishlar va yirik loyihalar tahlil qilindi