O‘zbekistonda shifokorlarga to‘rt baravar eng kam ish haqi miqdorida ustama to‘lanadi
2027-yildan oliy ma’lumotli hamshiralar va hamshiralarga ham qo‘shimcha to‘lovlar joriy etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda tibbiyot kadrlari tayyorlash tizimi o‘zgaradi. Tegishli Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi PF–191-son farmoni bilan tasdiqlandi.
“Davolash ishi” yo‘nalishi negizida yangi olti yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat yo‘nalishi joriy etiladi. Ta’lim “5+1” tamoyili asosida — besh yil o‘qish va bir yil to‘liq amaliyot shaklida tashkil etiladi.
Mazkur dastur bitiruvchilariga umumiy amaliyot shifokori malakasi beriladi va ular oilaviy shifokor sifatida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, barcha tibbiyot bakalavriat yo‘nalishlarining bitiruvchi kurslari talabalari uchun bir yillik to‘liq amaliyot joriy etiladi.
Stomatologiya yo‘nalishida talabalarni tayyorlash uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktiriladi.
Davlat granti tibbiyot kadrlari ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat buyurtmasini shakllantirishda mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyoj, jumladan, hududlar va tibbiyot tashkilotlarining talabi hisobga olinadi.
Tibbiyot kadrlari ehtiyojini o‘rganish bo‘yicha asosiy tashkilot sifatida Aholi salomatligi tahlili ilmiy-tadqiqot markazi belgilanadi.
O‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha ikki yillik dasturlarga qabul bekor qilinadi. “Tibbiy hamrohlik” yo‘nalishida rivojlangan mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar hamda ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash uchun magistratura yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Tibbiyot xodimlariga ustamalar belgilanadi
2027-yil 1-yanvardan boshlab ayrim toifadagi tibbiyot xodimlari va pedagoglarning ish haqiga har oylik ustamalar joriy etiladi.
Bakalavr darajasiga ega hamshiralar va hamshiralarga bir baravar eng kam ish haqi miqdorida, magistr darajasiga ega bo‘lganlarga esa ikki baravar miqdorda ustama to‘lanadi.
Rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar hamda tegishli yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega pedagoglar uchun ustama to‘rt baravar eng kam ish haqi miqdorida belgilanadi.
Mazkur choralar tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan Prezident farmonida belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ