Xorazmda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha elektr stansiyasi ishga tushiriladi
Loyiha kompaniyasi qurilish davri uchun $7 mlnlik bank kafolatini taqdim etadi
Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Prezidentning “Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2026-yil 14-sentabrda qabul qilingan.
Loyiha doirasida Janubiy Koreyaning “Green Hammer Co., Ltd” kompaniyasi alohida xorijiy korxona — loyiha kompaniyasini ta’sis etgan.
Hujjatga muvofiq, loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “O‘zenergosotish” AJga 30 yil davomida kafolatlangan shartlar asosida sotadi. Elektr energiyasini xarid qilish milliy valyutada amalga oshiriladi.
Stansiyani yagona elektr tarmog‘iga ulash uchun loyiha kompaniyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan berilgan texnik shartlar asosida zarur havo elektr uzatish liniyalari va tegishli elektr infratuzilmasini barpo etadi. Obyektlar foydalanishga topshirilganidan so‘ng ular mazkur kompaniyaga beriladi.
Elektr stansiyasi ishga tushirilishidan oldin loyiha kompaniyasi “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda uning energetika tizimiga ta’siri bo‘yicha texnik xulosa tayyorlashi kerak. Ushbu xulosa asosida stansiyani tarmoqqa ulashning yakuniy shartlari kelishib olinadi.
Bundan tashqari, vakolatli agentlik loyiha kompaniyasiga zarur hajmdagi qattiq maishiy chiqindilarni 30 yil davomida kafolatli ravishda yetkazib berib boradi.
Qurilish davrida loyiha kompaniyasi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishini ta’minlash maqsadida 7 million dollarlik birinchi toifali bank kafolati taqdim etishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ