O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9% gacha pasaydi
2026-yilning sakkiz oyida 49 ta tuman va 3,5 mingta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 5,8% dan 3,9% gacha pasaydi. Shu davrda 49 ta tuman va 3,5 mingta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi brifingida ma’lum qilindi.
2026-yil uchun 1,1 mln nafar aholini, ya’ni 263 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilangan. Shu maqsadda sakkiz oy davomida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqildi.
Ushbu rejalar asosida 390 mingta kambag‘al oila daromadini oshirishga qaratilgan 554 mingta bandlik xizmati bilan qamrab olindi. Jumladan, 160 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 67 ming nafarga imtiyozli kredit va subsidiya ajratildi, 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 22 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Mahallalarda yangi daromad manbalarini yaratish uchun hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirildi. Ular orqali 164 ming nafar aholining daromadi oshirildi. Kambag‘al oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 mlrd so‘mlik kredit va 77 mlrd so‘m subsidiya ajratildi.
Shuningdek, 1,4 ming gektar o‘rmon fondi yerlari 1,8 mingdan ortiq kambag‘al oilaga ko‘chatxona va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun ijara asosida berildi. Vazirlik ushbu yondashuvda tayyor yordamdan ko‘ra, oilalarga o‘z mehnati orqali daromad olish imkoniyatini yaratishga urg‘u berilganini qayd etdi.
Kambag‘al oilalar farzandlarining ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 125 ming nafar bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilindi. Buning uchun davlat budjetidan qariyb 130 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Yana qariyb 50 ming nafar bola IT, xorijiy tillar, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlarida bepul kurslarda o‘qitildi.
Germaniyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda 37 ta og‘ir toifadagi tumandagi 89 ta texnikumda qariyb 1,6 ming nafar o‘quvchini tadbirkorlik yo‘nalishida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Aholining daromad topish imkoniyatlarini oshirish bilan birga, uning salomatligiga ham e’tibor qaratildi. Ijtimoiy reyestrdagi 351 ming nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlanib, ular uy sharoitida, ambulator va shifoxonalarda davolandi. Qariyb 8,5 ming nafari jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirildi.
Hududlardagi infratuzilmani yaxshilash uchun Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 33 ta tuman va 330 ta mahalla hamda og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 915 ta mahallaga jami 7,7 trln so‘m yo‘naltirildi. Mablag‘lar suv, elektr energiyasi, yo‘llar va ijtimoiy obyektlarni yaxshilashga sarflanmoqda.
Yilning qolgan qismida hududlar rahbarlariga yana 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, 1 mln nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ