Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
Regulyator inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotgani sababli qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish zarur deb hisoblamoqda
Foto: Kapital.uz
Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi. Regulyatorning qayd etishicha, inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etayotgan bo‘lsa-da, narxlar o‘sishini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2% gacha sekinlashdi, bazaviy inflyatsiya esa 5,5% ni tashkil etdi. Biroq yillik narx o‘sishi 5% dan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror narx bosimlari saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Bunda kutilmalarning pasayish sur’ati umumiy inflyatsiyaga nisbatan pastroq bo‘lib, narxlarni shakllantirish jarayonida inflyatsion inersiya ta’siri saqlanib qolmoqda.
Ichki talab faolligi saqlanmoqda
Chakana savdo, xizmatlar sohasi va investitsiyalar dinamikasidagi ijobiy tendensiyalar iste’mol va investitsion talab faolligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlarida barqarorlashuv belgilari kuzatila boshlandi.
Joriy pul-kredit sharoitlari ta’sirida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich maqbullashmoqda. Ijobiy real foiz stavkalari esa aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tashqi bozorlar inflyatsion bosimni saqlab qolmoqda
Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya bozorlaridagi narxlarning yuqori darajada qolayotgani o‘rta muddatda import narxlari, shuningdek, transport va logistika xarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosimni saqlab qolishi mumkin.
Tashqi narx shoklarining ichki inflyatsiyaga ikkilamchi ta’siri ichki talab dinamikasi va ko‘riladigan tarkibiy choralarga bog‘liq bo‘ladi.
Ayrim asosiy savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi fonida so‘mning real samarali almashuv kursi yil davomida mustahkamlanmoqda. Bu import narxlari orqali inflyatsion bosimni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tartibga solinadigan narxlar inflyatsion xatarni oshirishi mumkin
Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayonining davom etishi ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar narxlariga ta’sir qilib, ikkilamchi inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.
Markaziy bank inflyatsion xatarlarning barqaror narx bosimiga aylanishini cheklash, ikkilamchi ta’sirlarni yumshatish va inflyatsion kutilmalarning pasayishini ta’minlash uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur deb hisoblamoqda.
Regulyator inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar, ichki talab hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi. 2027-yil yakuniga qadar inflyatsiyani 5% lik targetga tushirish uchun zarur pul-kredit sharoitlari ta’minlanadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 28-oktabrda o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ