O‘zbekistonda pensiya hisoblashda olinadigan ish staji 20 yilgacha oshirilishi mumkin

Shuningdek, minimal mehnat stajini 2034-yilgacha 7 yildan 15 yilga oshirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda pensiya hisoblashda olinadigan ish staji 20 yilgacha oshirilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Kapital.uz  ayni shu hujjat bilan pensiya yoshi erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshgacha oshirilishi taklid qilinayotganini xabar qilgandi.

Bundan tashqari, 2027-yildan pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilinmoqda.

Hozirda pensiya hisob-kitobida fuqaroning oxirgi 5 yillik ish haqi hisobga olinadi. Yangi tartibga ko‘ra, bu davr har yili bir yilga oshirib borilib, 2030-yilga kelib 20 yilga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, hisob-kitobdan fuqaroning eng kam daromad olgan davrining 10% ini chiqarib tashlash taklif etilmoqda.

Loyihada yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan minimal mehnat stajini ham bosqichma-bosqich oshirish nazarda tutilgan. Hozirda bu ko‘rsatkich 7 yilni tashkil etadi. Uni har yili bir yilga oshirib borib, 2034-yilga kelib 15 yilga yetkazish taklif qilinmoqda.

Minimal mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga esa umumiy pensiya yoshiga yetganidan besh yil o‘tib yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi. Bunda erkaklar 68 yoshdan, ayollar 63 yoshdan nafaqa olishi mumkin.

Bundan tashqari, 2028-yil 1-apreldan pensiya yoshiga yetganidan keyin ishlashda davom etayotgan fuqarolar uchun pensiya birinchi marta tayinlanganda hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish taklif qilinmoqda.

Hozirda ushbu chegara pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 12 baravarini, ya’ni 6,04 mln so‘mni tashkil etadi. Pensiyaga olti oy kechroq chiqqanda chegara 14 baravargacha — 7,05 mln so‘mgacha, 12 oy kechroq chiqqanda esa 15 baravargacha — 7,56 mln so‘mgacha oshirilishi mumkin.

Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda
/
Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda
O‘zbekistonda avtomobil savdosi bir oyda 20,4% ga oshdi
/
O‘zbekistonda avtomobil savdosi bir oyda 20,4% ga oshdi
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi