O‘zbekistonda pensiya yoshini erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshgacha oshirish taklif qilindi
Loyiha bo‘yicha pensiya yoshini 2028-yildan boshlab har yili uch oyga oshirib borish va 2039-yilga kelib yangi ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda umumiy pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilindi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident farmoni loyihasida amaldagi 60 yosh erkaklar va 55 yosh ayollar uchun belgilangan pensiya yoshini 63 va 58 yoshgacha oshirish nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan pensiya tayinlashda umumiy pensiya yoshini bir yilga qisqartirish imkonini beruvchi amaldagi tartib bekor qilinishi taklif etilmoqda.
2028-yil 1-yanvardan esa pensiya yoshini har yili uch oyga oshirib borish rejalashtirilmoqda. Natijada 2039-yilga kelib umumiy pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh bo‘lishi mumkin.
Vazirlik bu chorani fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida ishtirok etish davri bilan pensiya olish muddati o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, shuningdek, aholining umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotganini hisobga olish zarurati bilan izohlagan.
Pensiya yoshini oshirish davrida pensiya oldi yoshidagi fuqarolar uchun bir qator kafolatlarni joriy etish taklif qilinmoqda. Jumladan, fuqaroni pensiya oldi yoshida ekani sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishsiz deb topilgan fuqarolarning pensiyaga ikki yil oldin chiqish huquqini saqlab qolish taklif etilmoqda. Shuningdek, pensiya oluvchilarga amalda qo‘llaniladigan soliq, transport va tibbiy imtiyozlarni saqlab qolish nazarda tutilgan.
Yer osti ishlarida, shuningdek, zararli va og‘ir mehnat sharoitlarida to‘liq ish kuni davomida faoliyat yuritadigan erkaklar uchun 50–55 yoshda, ayollar uchun 45–50 yoshda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqini saqlab qolish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga esa 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqini berish rejalashtirilmoqda.
Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ