O‘zbekistonda biznesni qanday boshlash mumkin: hujjatlar, xarajatlar va asosiy qadamlar
Shuningdek, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda biznes ochish – bu qonunchilikni bilishni, to‘g‘ri yondashuvni va ma’lum miqdorda boshlang‘ich kapitalni talab qiladigan jarayon. Ushbu maqolada biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qanday hujjatlar kerakligi, ilk bosqichda qancha mablag‘ zarur bo‘lishi va tadbirkor qanday asosiy bosqichlarni bosib o‘tishi lozimligini ko‘rib chiqamiz.
Tashkiliy-huquqiy shaklni tanlash
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin uning shaklini tanlash kerak. Biz bu haqda oldingi maqolada batafsil yozganmiz
Shuningdek, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari yoki My.gov.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Ilk bosqichda qancha mablag‘ kerak?
Sarmoya miqdori biznes turiga bog‘liq, biroq asosiy xarajatlar quyidagilardan iborat:
1. Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovlari:
• Yakka tartibdagi tadbirkor – BHMning 50%.
• MCHJ – BHMning 2,5 baravari.
2. Yuridik manzil:
• YTTni uy manzilida ro‘yxatdan o‘tkazish – bepul.
• Ofis ijarasi – joylashuvga bog‘liq.
3. Minimal ustav kapitali:
• MCHJ – BHMning 5 baravari.
• AJ – 400 mln so‘m.
4. Uskuna, litsenziya va soliqlar:
• Litsenziya va sertifikatlar (agar talab etilsa) – 500 000 so‘mdan boshlab.
• Boshlang‘ich uskuna va xomashyo xaridi – 5 mln so‘mdan boshlab (kichik biznes uchun).
• Dastlabki soliq to‘lovlari – faoliyat turiga va soliq tizimiga bog‘liq.
4. Biznesni ochish uchun asosiy qadamlar
1. Faoliyat turini va tashkiliy-huquqiy shaklni tanlash.
2. Hujjatlarni tayyorlash va My.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tish.
3. Bankda hisob raqami ochish.
4. Elektron raqamli imzo olish.
5. Soliq tizimini tanlash (yagona soliq, QQS, foyda solig‘i va h.k.).
6. Litsenziya va ruxsatnomalar olish (agar zarur bo‘lsa).
7. Faoliyatni boshlash va buxgalteriya hisobi yuritish.
Tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar
Prezident tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, O‘zbekistondagi tadbirkorlar barqarorlik reytingiga qarab davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini olishlari mumkin.
Hujjatga ko‘ra, subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar faqat «B» va undan yuqori reytingga ega biznes subyektlariga taqdim etiladi:
- «AAA» toifasi – amaldagi hajmning 100%i;
- «AA» toifasi – amaldagi hajmning 90%i;
- «A» toifasi – amaldagi hajmning 80%i;
- «BBB» toifasi – amaldagi hajmning 70%i;
- «BB» toifasi – amaldagi hajmning 60%i;
- «B» toifasi – amaldagi hajmning 50%i.
Agar reyting pasaysa, qo‘llab-quvvatlash choralari uch oy davomida avvalgi hajmda davom ettiriladi. Agar reyting oshsa, tadbirkor keyingi oydan boshlab yangi ko‘rsatkich bo‘yicha imtiyozlarni olishni boshlaydi.
Bularning barchasiga qo‘shimcha ravishda, endi ish boshlayotgan tadbirkorlarga kreditlar beriladi. Shuningdek, prezident qaroriga asosan 2023 yilda “Qishloq qurilish banki” “Biznesni rivojlantirish banki” deb nomlandi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Bankning ustuvor vazifasi esa kichik biznes sub’ektlarining loyihalarini moliyalashtirish va ularga kompleks xizmatlar ko‘rsatishdir.
Bundan tashqari, Prezident biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarni soliq “rejasi”ni bajarish uchun ortiqcha to‘lovlar qilishga majburlansa, hokimlar va soliq idoralari xodimlarini jazolashini ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish va tushumlarni faqat tadbirkorlarga yordam berish orqali oshirish mumkin.
Shu bilan birga bunday holatlar kuzatilmasligini nazoratga olishni Bosh prokuraturaga topshirgan.
O‘zbekistonda biznes ochish – nisbatan oson jarayon, agar oldindan talablarni o‘rganib, boshlang‘ich kapitalni tayyorlab qo‘ysangiz. Xarajatlar tanlangan faoliyat turiga bog‘liq, lekin kichik biznes uchun minimal sarmoya 5–10 mln so‘m bo‘lishi mumkin. My.gov.uz orqali soddalashtirilgan ro‘yxatdan o‘tish tizimi biznesni bir necha kun ichida ochish imkonini beradi. Shu bilan birga, davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari ham rivojlanib bormoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ