Moliyaviy barqarorlik: omborlarda tovar ortiqchaligini qanday oldini olish mumkin
Nega zaxiralar hajmidan ko‘ra ularning aylanishini nazorat qilish muhimroq va bu tizimni qanday yo‘lga qo‘yish kerak

Omborlarning tovar bilan to‘lib ketishi — bu O‘zbekistondagi kompaniyalar duch keladigan eng keng tarqalgan, ammo yetarlicha baholanmaydigan muammolardan biridir. Tashqi ko‘rinishda to‘la omborlar “muvaffaqiyatli zahira” belgisi bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo aslida bu muzlatilgan mablag‘lar, oshib borayotgan xarajatlar, zaxiralar aylanishining pasayishi va oxir-oqibatda biznesning moliyaviy barqarorligiga putur yetkazishidir.
Zaxiralar ortiqchaligining asosiy sabablari
Zaxiralarning ortib ketishi ko‘pincha boshqaruvdagi xatolardan kelib chiqadi. Bu — talabni noto‘g‘ri prognoz qilish, zaxiralarni me’yorga keltirmaslik, “hissiyotga asoslangan” xaridlar, aylanishni yetarli darajada nazorat qilmaslik va yetkazib beruvchilar bilan samarali ishlamaslik. Bularning barchasi omborlarda harakatlanmaydigan, dolzarbligini yo‘qotgan va yukka aylangan mahsulotlar to‘planishiga olib keladi.
Tizimli yondashuvni nimadan boshlash kerak
Muammoni faqat tizimli yondashuv orqali hal qilish mumkin. KSP kompaniyasida biz ko‘p bosqichli yondashuvdan foydalanamiz. Avvalo, mahsulotlarni toifalarga ajratamiz. ABC tahlili orqali eng katta foyda keltiradigan pozitsiyalar aniqlanadi va e’tibor aynan ularga qaratiladi. Qo‘shimcha ravishda XYZ tahlili har bir mahsulotga bo‘lgan talabning barqarorligini aniqlashda yordam beradi: mavsumiy o‘zgarishlar bormi yoki tasodifiy o‘sishlar.
Zaxiralarni toifalar bo‘yicha me’yorlash
Keyingi bosqichda har bir toifa uchun normativlar belgilanadi. Masalan, AX toifasidagi mahsulotlar — bu doimiy talabga ega va foydali pozitsiyalar bo‘lib, ular doimo mavjud bo‘lishi kerak. Ular uchun minimal zaxira darajalari, buyurtma nuqtalari va sug‘urta zaxiralari belgilanadi. CZ guruhi esa — harakatsiz, foydasiz va tasodifiy talabga ega mahsulotlar bo‘lib, ularni saqlash mutlaqo maqsadga muvofiq emas. Ularni faqat mijoz so‘rovi asosida buyurtma qilish yoki umuman assortimentdan chiqarish tavsiya etiladi.
Nazorat va erta ogohlantirish tizimi
Tizim to‘g‘ri ishlashi uchun nazorat vositalari kerak. Biz kunlik aylanish, harakatsiz pozitsiyalar, muddati o‘tgan qoldiqlar va mavsumiy trendlardan chetga chiqishlarni kuzatib boradigan erta ogohlantirish tizimini joriy qilganmiz. Bu esa muammolarga vaqtida javob berishga yordam beradi, ularni keyincha bartaraf qilishga emas.
Xarid siyosatini oqilona tashkil etish
Xarid siyosati ham qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. “Ko‘proq olib qo‘yaylik, balki kerak bo‘lib qolar” yondashuvi o‘rniga, mavsumiylik, trendlar va savdo faolligini hisobga olgan holda optimal partiya hajmi hisoblab chiqiladi. Xaridlar va marketing faoliyatini muvofiqlashtirish juda muhim: agar bo‘limlar bir-biridan alohida ishlasa, ortiqcha xaridlar, dublikatlar va yo‘qotishlar yuzaga keladi.
Likvid bo‘lmagan mahsulotlar bilan ishlash
Alohida e’tibor — likvid bo‘lmagan mahsulotlarga qaratilishi kerak. Agar mahsulot 90 kundan ortiq harakatsiz qolsa, uni tahlil qilish va aniq choralar belgilash lozim: chegirmalar, rasprodajalar, yetkazib beruvchilarga qaytarish yoki utilizatsiya. “Muammo bo‘lgan” qoldiqlar bo‘yicha qarorlarni kechiktirish zararlarni ko‘payishiga va aylanma mablag‘larni bloklanishiga olib keladi.
Avtomatlashtirish va raqamli yechimlar
Bularning barchasini qo‘lda bajarish mumkin emas. Shuning uchun navbatdagi qadam — avtomatlashtirish. Zamonaviy tizimlar real vaqt rejimida qoldiqlarni kuzatish, buyurtmalarni avtomatik shakllantirish va prognozlarni tahlil qilish imkonini beradi. Eng muhimi — ombor tizimini savdo bilan integratsiyalash, shunda normativlar avtomatik hisoblanadi va tizim talab o‘zgarishlariga tanqislik yoki ortiqcha zaxiralar yuzaga kelishidan oldin javob beradi.
Xatolar — va ularni qanday oldini olish mumkin
Mening konsalting tajribam shuni ko‘rsatadiki, asosiy xatolar biznesdan biznesga takrorlanadi: hissiy xaridlar, tanqislikdan qo‘rquv, tahlil yetishmasligi, mahsulotlarni hisobdan chiqarishdan bosh tortish — va natijada to‘lib toshgan omborlar.
Tizimsiz — barqarorlik bo‘lmaydi. Tahlilsiz — samaradorlik bo‘lmaydi.
Qayerdan boshlash kerak: bosqichma-bosqich reja
Tadbirkorlarga tavsiyam oddiy: diagnostikadan boshlang. Inventarizatsiya qiling, toifalar bo‘yicha aylanishni hisoblang, muammoli hududlarni aniqlang. So‘ng — normativlarni joriy qiling, nazoratni avtomatlashtiring, jamoani o‘qiting. Eng muhimi — ma’lumotlarni muntazam tahlil qilib boring. Aynan doimiy monitoring va parametrlarni moslashtirish orqali zaxiralarni boshqarishni tartibsizlikdan o‘sish vositasiga aylantirish mumkin.
Yakuniy xulosa
O‘zbekistonda hali ham ko‘p hollarda xaridlar “har ehtimolga qarshi” amalga oshirilayotgan sharoitda, zaxiralarni boshqarishga tizimli yondashuv — bu oddiy tavsiya emas, balki biznesning moliyaviy barqarorligi uchun zaruriy shartdir. Zamonaviy texnologiyalar va uslublar omborni “tonusda” ushlab turish imkonini beradi — ortiqchaliklarsiz, tanqisliklarsiz va muzlatilgan mablag‘larsiz.
Raqobat kuchayib borayotgan davrda esa omon qoladiganlar — eng ko‘p zaxiraga ega bo‘lganlar emas, balki mahsulotni tezroq aylantira oladigan, talabni aniq boshqara oladigan va moliyasini puxta nazorat qiladiganlardir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ