O‘zbekistonda aholiga sezilgan inflyatsiya 11,1% darajasida qayd etildi
So‘rovnomaga natijalariga ko‘ra, yuqori daromadli qatlam va savdo sohasi vakillariga inflyatsiya bosimi kuchliroq ta’sir qilgan
Фото: Kapital.uz
Markaziy banki 2026-yilning aprel oyi yakunlari boʻyicha aholi oʻrtasida sezilgan inflyatsiya darajasini aniqlash maqsadida navbatdagi soʻrovnomani oʻtkazdi. Jami 3 475 ta respondent ishtirok etgan ushbu tadqiqot natijalariga koʻra, respublika boʻyicha oʻrtacha sezilgan inflyatsiya darajasi 11,1% ni tashkil etgan.
Eng yuqori sezilgan inflyatsiya darajasi Qashqadaryo viloyatida — 12,9%, eng past ko‘rsatkich esa Farg‘ona viloyatida — 9,5% etib qayd etildi.
Hududlar kesimida sezilgan inflyatsiya quyidagicha shakllandi: Surxondaryo viloyatida — 12,4%, Toshkent viloyatida — 12,1%, Sirdaryoda — 11,7%, Toshkent shahrida — 11,5%, Namanganda — 11,3%, Jizzaxda — 11,1%, Samarqandda — 10,6%, Navoiyda — 10,2%, Buxoroda — 10,1%, Andijon va Xorazm viloyatlarida ham 10,1%, Qoraqalpog‘istonda — 10%, Farg‘onada esa 9,5%.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart–aprel oylarida aholining narxlar o‘sishi bo‘yicha asosiy xavotirlari go‘sht va sut mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lib, respondentlarning 56%i ushbu tovarlar narxi oshganini qayd etgan. Shuningdek, meva-sabzavotlar — 29%, benzin va yoqilg‘i — 28%, elektr va tabiiy gaz — 25%, dollar kursi — 23% asosiy omillar sifatida ko‘rsatilgan.
Narxlar oshishiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar qatorida qurilish mollari — 20%, kafe-restoran xizmatlari — 18%, tibbiy xizmatlar va o‘simlik yog‘i — 16%, yo‘lkira va tashish xizmatlari — 15%, kiyim va poyabzal — 14% qayd etildi.
Shuningdek, ijara haqi va ta’mirlash xizmatlari — 12%, tuxum — 11%, shakar va qandolat mahsulotlari, maishiy hamda ta’lim xizmatlari — 10%, non va un mahsulotlari — 9%, guruch esa 6% ko‘rsatkich bilan ro‘yxatdan joy oldi.
Soʻrovnoma natijalari aholining daromad darajasi va faoliyat yuritayotgan sohalari kesimida sezilarli farqlar mavjudligini koʻrsatmoqda. Xususan, daromadi oyiga 7 mln soʻmdan yuqori boʻlgan aholi qatlami orasida inflyatsiya bosimi nisbatan kuchliroq sezilgan. Bu boradagi eng yuqori koʻrsatkich oyiga 30 mln soʻmdan koʻp daromad topuvchilar (14,7%) hamda 20-30 mln soʻm atrofida daromadga ega boʻlganlar (14,1%) hissasiga toʻgʻri kelgan. Aksincha, oyiga 2-4 mln soʻm daromad oluvchilar oʻrtasida bu koʻrsatkich eng past darajada — 10,5% boʻlib shakllangan. Daromadga ega boʻlmagan respondentlar esa inflyatsiyani 11,0% darajasida his qilishgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy guruhlar kesimida tahlil qilinganda, narxlar oʻsishini eng koʻp savdo sohasi vakillari (13,1%), maishiy xizmat koʻrsatuvchilar (12,3%) hamda pensionerlar (12,2%) qayd etishgan. Shuningdek, ilm-fan, taʼlim, qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish sohasidagilar ham respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan yuqori inflyatsiyani sezishgan.
Eng past sezilgan inflyatsiya koʻrsatkichi esa davlat tashkilotlari xodimlarida (9,9%) va qurilish sohasi vakillarida (10%) kuzatilgan. Shuningdek, AKT va OAV, turizm, transport, tibbiyot, bank-moliya sohasi xodimlari hamda talabalar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi ham 11,1% lik oʻrtacha koʻrsatkichdan past boʻlgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ