Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘i barpo etish boshlandi
4 gektarlik bog‘ Ozarbayjonning madaniyati, tarixi va milliy an’analarini aks ettiradi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘ini barpo etish ishlariga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bog‘ uchun Yangi Toshkent hududidan 4 gektar yer ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjon madaniyati, tarixi va milliy an’analarini aks ettiruvchi jamoat makoni tashkil etiladi.
“U ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va do‘stligini namoyon etadigan maskanga aylanadi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududiga ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berdi.
Eslatib o’tamiz, 2025-yil iyul oyida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Bokuda $80 mln qiymatidagi O‘zbekiston bog‘iga tamal toshini qo‘ygan edi. 4,5 gektar maydonda barpo etiladigan ushbu majmuada O‘zbekiston madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi namoyish etiladi.
Bog‘ hududida mamlakatning tarixiy obidalarini aks ettiruvchi me’moriy timsollar, yashil hududlar va sayr maskanlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ