O‘zbekistonda chet el valyutasiga talab $20 mlrddan oshdi
Dastlabki to‘rt oyda valyuta bozori hajmi sezilarli kengayib, dollar kursi esa 0,6% ga mustahkamlandi
Foto: Kapital.uz
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi $20,4 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,3% ga oshgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida valyutaga bo‘lgan talab $16,4 mlrdni tashkil qilgan.
Hisobot davrida yuridik shaxslar tomonidan qariyb $16 mlrd, jismoniy shaxslar tomonidan esa $4,4 mlrd miqdorida xorijiy valyuta xarid qilingan.
Shu bilan birga, chet el valyutasi taklifi ham sezilarli o‘sishni qayd etdi. Yil boshidan buyon yuridik va jismoniy shaxslarning jami valyuta taklifi 33,9% ga yoki qariyb $4,6 mlrdga oshib, $18 mlrdga yetgan.
Xususan, yanvar–aprel oylarida aholi tijorat banklariga $8,2 mlrd sotgan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi $9,8 mlrdni tashkil etgan.
Mazkur davrda dollar kursi 11 938–12 320 so‘m oralig‘ida tebranib turgan. Hisobot yakunlariga ko‘ra, milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan 0,6% ga mustahkamlangan — kurs 12 004 so‘mdan 11 938 so‘mgacha pasaygan.
Shuningdek, hisobot davrida almashuv kursining o‘rtacha tebranuvchanligi 28,5 so‘m yoki 0,23% ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 13,6 so‘m yoki 0,11% ga teng bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ