Samarqandda tashqi reklamalar uchun yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilmoqda

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tartib tegishli qaror bilan tasdiqlanib, xalq deputatlari Kengashiga kiritiladi

Samarqandda tashqi reklamalar uchun yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilmoqda

Samarqandda tashqi reklama joylashtirishni tartibga solish maqsadida yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

E’lon qilingan videolavhada mutaxassislar shahardagi reklama konstruksiyalarining tartibsiz joylashtirilishi bo‘yicha xavotir bildirgan. Ularning fikricha, tartibsiz reklama obyektlari shaharning estetik qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muammo, ayniqsa, tarixiy markaz va turistik hududlarda keskinroq sezilayotgani, nazoratsiz va yirik reklama obyektlari me’moriy uyg‘unlikni buzayotgani ta’kidlangan. Shu bois yagona dizayn-kod joriy etish zarurligi qayd etilgan.

O‘tgan hafta Samarqand viloyati hokimligida yangi dizayn-kod konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsepsiya shahar me’moriy uyg‘unligini ta’minlash va tashqi reklama joylashtirishni tartibga solishga qaratilgan.

Viloyat hokimi Aziz Boboyev barcha jihatlar puxta o‘ylab chiqilishi kerakligini ta’kidladi. Jumladan, binolar fasadi qanday bo‘lishi, yozuvlar va reklama konstruksiyalari, fasadlardagi korxona va brend nomlari, ularning o‘lchami, rangi hamda aniq joylashuvi bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tartib tegishli qaror bilan tasdiqlanib, xalq deputatlari Kengashiga kiritiladi. Biroq barcha hududlarni bir vaqtda tartibga keltirish qiyinligi sababli loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab bir ko‘cha, keyin esa boshqa hududlar qamrab olinadi.

Shuningdek, Aziz Boboyev ayrim ko‘chalardagi trotuarlarni ta’mirlash va yoritish tizimini tartibga keltirish zarurligini ham ta’kidladi. Uning fikricha, ayrim joylarda yoritish tizimi umuman mavjud emas, boshqa hududlarda esa me’yordan ortiq. Shu sababli yagona standart joriy etilishi kerak.

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi tashqi reklama faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi rahbari Jasur Negmatov yig‘ilishda shaharning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir qilayotgan tartibsiz reklama obyektlari masalasi muhokama qilinganini bildirdi.

Uning qayd etishicha, Samarqandning turistik salohiyati hisobga olinib, eski shahar hududidagi reklamalarni tarixiy uslubga moslashtirish, zamonaviy hududlarda esa alohida dizayn yondashuvlarini qo‘llash taklif qilingan.

Ma’lum qilinishicha, dizayn-kodni ishlab chiqishga barcha tegishli tashkilotlar jalb qilinadi. Loyiha doirasida reklama obyektlari, ko‘cha yoritgichlari va shahar muhitining boshqa elementlariga qat’iy standartlar joriy etiladi. Jumladan, bannerlarning maksimal o‘lchami, shriftlar bo‘yicha qoidalar va konstruksiyalarning texnik xavfsizlik talablari belgilanadi.

Taqdimot materiallariga ko‘ra, dizayn-kod konsepsiyasi Samarqandda faoliyat yurituvchi MAG Projecting arxitektura va dizayn studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda aholiga sezilgan inflyatsiya 11,1% darajasida qayd etildi
/
O‘zbekistonda aholiga sezilgan inflyatsiya 11,1% darajasida qayd etildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning sof foydasi ikki barobardan ko‘proqqa oshdi
/
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning sof foydasi ikki barobardan ko‘proqqa oshdi
O‘zbekistonda chet el valyutasiga talab $20 mlrddan oshdi
/
O‘zbekistonda chet el valyutasiga talab $20 mlrddan oshdi