1-iyuldan sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi

Bu orqali aholining boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatlarini kengayishi kutilmoqda

1-iyuldan sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi

2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur instrument aholining boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda. Bu haqda 12-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo’lib o’tgan ipoteka bozoriga oid matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.

Qayd etilishicha, 2026-yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida jami 23 trln so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 12,3 trln so‘m davlat budjeti, 7,7 trln so‘m tijorat banklari hamda 3 trln so‘m Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Natijada 73 mingdan ziyod oilalar yangi uy-joy bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln so‘mgacha oshirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, 2026-yildan boshlab oliy malaka toifasiga ega va kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplashga qaratilgan yangi subsidiya mexanizmi joriy etilgani qayd etildi. Ushbu maqsadlar uchun har yili davlat budjetidan 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Anjumanning dolzarb mavzularidan biri yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratish tartibi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston yoshlari — 2030» strategiyasi doirasida 2027-yil 1-yanvardan boshlab yangi dastur to‘liq ishga tushadi. Ushbu mexanizmga ko‘ra, Markaziy bank asosiy stavkasining 14 foizdan yuqori qismi yoshlar toifasiga mansub shaxslar uchun davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Ikkilamchi bozorga subsidiya berilmasligi sabablari haqidagi savolga javob sifatida bu chora iqtisodiy va ijtimoiy strategiya bilan bog‘liqligi aytildi. Birinchidan, birlamchi bozor uy-joy qurilishini rag‘batlantirish orqali iqtisodiyot drayveri vazifasini o‘taydi. Ikkinchidan, 40-60 yil oldin qurilgan eski uylarga subsidiya ajratish kelajakda renovatsiya dasturlari amalga oshirilayotganda yangi ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yangi bozorlarga chiqishda moliyani qanday boshqarish kerak
/
Yangi bozorlarga chiqishda moliyani qanday boshqarish kerak
Markazlashgan boshqaruv va global ambitsiyalar: B.A. Holding rejalari
/
Markazlashgan boshqaruv va global ambitsiyalar: B.A. Holding rejalari
Pul o‘tkazishda maqsadni belgilash — yangi cheklov emas
/
Pul o‘tkazishda maqsadni belgilash — yangi cheklov emas