OIIB va ACWA Power Buxorodagi 300 MVtli shamol elektr stansiyasi uchun $107 mln ajratadi
“Bash II” loyihasi yiliga 943 GVt/soat elektr ishlab chiqarib, 336 mingdan ortiq xonadonni energiya bilan ta’minlaydi
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) ACWA Power kompaniyasi bilan O‘zbekistonda “Bash II” shamol elektr stansiyasini qurish uchun $107 mlnlik kredit bitimini imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyiha Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida amalga oshiriladi va 300 MVt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirishni nazarda tutadi. Elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgach, yiliga qariyb 943 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu esa 336 mingdan ortiq xonadonni elektr bilan ta’minlash hamda atmosferaga chiqariladigan 475 ming tonnagacha karbonat angidrid chiqindilarining oldini olish imkonini beradi.
“Bash II” loyihasi hududdagi “Bash I” shamol elektr stansiyasini to‘ldiradi va Buxoro viloyatidagi yirik “yashil” energetika klasterining bir qismi hisoblanadi.
OIIB vakili Konstantin Limitovskiy mazkur investitsiya O‘zbekistonning barqaror va diversifikatsiyalashgan energetika tizimiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, loyiha xususiy kapitalni jalb qilish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va uzoq muddatli iqlim maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
ACWA Power moliyaviy direktori Abdulhamid Al-Muhaydib esa loyiha O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning energetik transformatsiya maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashdagi muhim bosqich ekanini bildirdi.
Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekistonning 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 40% ga yetkazish strategiyasiga mos keladi. Moliyalashtirish O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari bilan tuzilgan uzoq muddatli elektr xaridi shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki hamda Standard Chartered Bank tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ma’lumot uchun, 2019-yildan buyon OIIB va ACWA Power O‘zbekiston energetika sektoridagi loyihalarga qariyb $440 mln investitsiya yo‘naltirgan.
Kapital.uz avvalroq ayni shu kompaniya bilan Osiyo taraqqiyot banki ham 116 mlnlik bitim imzolagani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ