O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qonuniylashtirish tartibi soddalashtirildi

Arizalarni ko‘rib chiqish muddati uch baravarga qisqardi, tezkor to‘lov qilgan fuqarolarga esa davlat boji bo‘yicha imtiyoz beriladi

O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qonuniylashtirish tartibi soddalashtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi.

Yangi qonun noqonuniy egallangan yerlarni qonuniylashtirish jarayonlarini tezlashtirish, soliq qarzdorligi bilan bog‘liq normalarni aniqlashtirish hamda fuqarolarning bir martalik to‘lovlar bo‘yicha moliyaviy yukini kamaytirishni nazarda tutadi.

Endilikda mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha (12,36 mln so‘m) qarzdorligi mavjud fuqarolar ham yer uchastkalarini qonuniylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 2020-yil boshidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davr uchun oshirilgan stavkalarda hisoblangan soliqlar bekor qilinadi.

Yerlarni rasmiylashtirishning umumiy muddati 150 ish kunidan 50 ish kunigacha qisqartirildi. Shundan 20 ish kuni Kadastr agentligi va tegishli idoralar tomonidan hujjatlarni o‘rganishga, 10 ish kuni jamoatchilik muhokamalariga, yana 20 ish kuni esa adliya organlari tomonidan yakuniy qaror qabul qilishga ajratiladi.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, yakka tartibdagi uy-joylar joylashgan yerlar 99 yil muddatga, boshqa toifadagi yer uchastkalari esa 49 yil muddatga ijaraga beriladi.

Bir martalik to‘lovni bir yildan uch yilgacha bo‘lgan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratiladi. Agar fuqaro belgilangan summaning kamida 50 foizini dastlabki 20 ish kuni ichida to‘lasa, qolgan qarzdorlik to‘liq hisobdan chiqariladi.

Bundan tashqari, uy-joy qurilishi jarayonida dastlabki hujjatlardagi chegaralardan tashqariga chiqqan yer maydonlarini qonuniylashtirish tartibi ham o‘zgartirildi. Endilikda bozor qiymati asosida hisob-kitob qilish o‘rniga yagona qat’iy to‘lov joriy etiladi.

Qurilish taqiqlangan hududlarga kirib qolgan obyektlar bo‘yicha esa kadastr organlari ruxsat etilmagan qismlarni ajratib, faqat qonuniy hududni rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida monitoring o‘tkazish tartibi takomillashtirilmoqda. Agar “O‘zbekkosmos”da qurilish jarayonini aks ettiruvchi suratlar mavjud bo‘lmasa, mutaxassislar qurilishdan oldingi va undan keyingi tasvirlardan foydalanadi. Yerlarni qonuniylashtirishni rad etish bilan bog‘liq nizolarni hal etish uchun esa sudgacha apellyatsiya mexanizmi joriy etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab yagona QR-kod yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘ladi
/
O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab yagona QR-kod yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘ladi
O‘zbekistonda muhim minerallar bo‘yicha $4,2 mlrdlik 120 ta loyiha amalga oshiriladi
/
O‘zbekistonda muhim minerallar bo‘yicha $4,2 mlrdlik 120 ta loyiha amalga oshiriladi
Yangi Buxoro aeroporti tenderining birinchi bosqichi yakunlandi
/
Yangi Buxoro aeroporti tenderining birinchi bosqichi yakunlandi