MobiUz 2025-yilda 173,6 mlrd so‘m qiymatidagi sof daromadga ega bo‘ldi
Aloqa operatorining moliyaviy ko‘rsatkichlari bir yil ichida qariyb 39 baravar oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Universal Mobile Systems (MobiUz) 2025-yil yakunlariga ko‘ra 173,6 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy moliyaviy hisobotida ma’lum qilingan.
Hisobotga ko‘ra, kompaniyaning umumiy daromadi yil davomida 2,5 trln so‘mga yetib, 2024-yilga nisbatan 19% ga oshdi. Xizmatlar va mahsulotlar tannarxi 1,6 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada yalpi foyda 863,1 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 15% ga o‘sdi.
2025-yil davomida kompaniya davlat budjetiga 235,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan bo‘lib, xizmatlar sohasidagi yirik korxonalar reytingida 9-o‘rinni egalladi. Shundan 64,1 mlrd so‘mi foyda solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.
Barcha operatsion xarajatlar va soliq majburiyatlari qoplangach, kompaniyaning sof foydasi 173,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich atigi 4,3 mlrd so‘m bo‘lgan.
Avvalroq MobiUzni xususiylashtirish jarayoni 2026-yil 20-aprelga qadar uzaytirilgani xabar qilingan edi. Kompaniyaning 100% ulushini sotish jarayoni 2025-yil iyun oyida boshlangan. Dastlab AQSH, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlaridan 15 nafar investor qiziqish bildirgan, noyabr oyiga kelib esa 10 ta narx taklifi kelib tushgan.
Yakuniy bosqichda eng yuqori narx va qulay shartlarni taklif etgan uchta kompaniya saralab olingan. Ularning takliflarini takomillashtirish uchun 2026-yil 23-yanvargacha muddat berilgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston MobiUzni sotishdan taxminan $300 mln daromad olishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ