Markaziy bank vakili inflyatsiya 5% ga tushmaguncha asosiy stavka 14% da saqlanishini ma’lum qildi
Shuningdek, regulyator zaxiralarni aktivlar, valutalar va kontragentlar bo‘yicha yanada diversifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda
Foto: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoladi va inflyatsiya 5% lik targetga tushmaguncha qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettiradi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tkazilayotgan birinchi “Xalqaro zaxiralarni boshqarish forumi” forumining ochilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya 2018-yildagi qariyb 20%dan hozirgi 6,2%gacha pasaygan. Markaziy bank inflyatsiyani 2027-yil yakuniga qadar 5%gacha tushirishni maqsad qilgan.
Biz asosiy stavkani 14% darajasida ushlab turibmiz va inflyatsiya barqarorlashib, targetga yetguncha pul-kredit sharoitlarini qat’iy saqlash niyatidamiz, dedi Ishmetov.
Markaziy bank raisi O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi yarmida 8,5%ga o‘sganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, yuqori iqtisodiy o‘sish bilan birga narxlar barqarorligini ta’minlash muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $72 mlrdga yetgan
Ishmetov tashqi barqarorlikni ta’minlashda xalqaro zaxiralarni boshqarish muhimligini ta’kidladi. 1-sentabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $72 mlrdni tashkil etgan va bu bir yildan ortiq importni qoplashga yetadi.
2026-yilning birinchi yarmida mamlakat zaxiralariga qariyb 50 tonna oltin qo‘shilgan. Bu markaziy banklar orasida yilning shu davridagi ikkinchi eng yirik o‘sish sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston oltin qazib chiqaruvchi davlat bo‘lgani sababli oltin zaxiralarning sezilarli qismini tashkil etadi. Shu bilan birga, Markaziy bank zaxiralarni diversifikatsiya qilishni bosqichma-bosqich kuchaytirmoqda. 2024-yilda AQSH g‘aznachilik obligatsiyalariga ilk investitsiya amalga oshirilgan.
Regulyator raisi zaxiralarni boshqarishda xavfsizlik, likvidlik va daromadlilik tamoyillari aynan shu ketma-ketlikda ustuvor ekanini ta’kidladi.
Markaziy bank davlat aktivlarini tashqi boshqarishga o‘tishni kengaytirmoqchi
Markaziy bank kelgusida zaxiralarni turli aktivlar, valyutalar va kontragentlar o‘rtasida yanada diversifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Shu jarayonda tashqi boshqaruvdan foydalanish ham yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘riladi.
Ishmetov forum ishtirokchilarini oltin, AQSH dollari, diversifikatsiya va portfellardagi xatarlar bo‘yicha o‘z fikrlarini ochiq bildirishga chaqirdi. Forumda Shimoliy Amerika, Yevropa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya va Markaziy Osiyodan 35 ta tashkilotning 77 nafar vakili qatnashmoqda.
Forum ishtirokchilari birgalikda $36 trlndan ortiq aktivlarni boshqaradi. Markaziy banklar va boshqa davlat institutlari tasarrufidagi xalqaro zaxiralar esa qariyb $3,4 trlnni tashkil etadi.
Shuningdek, jahon markaziy banklarining oltin zaxiralariga munosabati ham o‘zgarib bormoqda. Jahon Oltin Kengashi so‘roviga ko‘ra, markaziy banklarning 89%i global oltin zaxiralari oshishini, 45%i esa o‘z zaxiralaridagi oltin ulushini ko‘paytirishni kutmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ