O‘zbekistonda suv va ichimliklarni raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichi to‘xtatildi
Endilikda mahsulotlarni hisobga olish qoidalarini buzgan biznes uchun moliyaviy jarimalar kamaytiriladi
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalarining barqaror faoliyatini ta’minlash va tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Hisobot yuzasidan Biznes-ombudsman Abdumannop Buriev “O‘zbekiston 24” telekanaliga tadbirkorlar mahsulotlarni agregatsiya qilish talablari yuzasidan muntazam murojaat qilayotganini ma’lum qildi. Mazkur bosqich 1-apreldan joriy etilishi rejalashtirilgan edi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, yangi tartib ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tarmoqning 90% ini nazorat qiluvchi yetakchi 10 ta korxonadan 5 tasi yangi tizimga tayyor bo‘lmagan.
Biznes-ombudsman so‘zlariga ko‘ra, soha tayyor emasligi haqida davlat rahbariga axborot berilgach, tizimni joriy etish muddatini yana kechiktirishga qaror qilingan. Avvalroq ushbu bosqich 2024-yil aprelidan 2026-yil apreliga surilgandi. Endilikda korxonalarga murakkab texnik yangiliklarga bosqichma-bosqich moslashish uchun qo‘shimcha vaqt berildi.
Soliq qo‘mitasi departamenti rahbari Aziz Umirzakov kechiktirish texnik muammolar bilan bog‘liqligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday tizimlar kutilgan natijani berishi uchun sifatli joriy etilishi zarur.
Shuningdek, davlat rahbari Soliq kodeksining 227-1-moddasi bo‘yicha mahsulotlarni hisobga olish qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanadigan moliyaviy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va ulgurji yetkazib beruvchilar uchun jarimalar kamaytiriladi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda chakana savdo nuqtalari uchun esa choraklik tushum asosida hisoblanadigan jarimalar o‘rniga qat’iy belgilangan summalar joriy etiladi.
“UzBev” alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Alfiya Musina yil boshidayoq tizimli muammolar yuzasidan davlat rahbariyati va biznes-ombudsmanga murojaatlar yuborilganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli nazorat tizimlarining shoshilinch joriy etilishi ishlab chiqaruvchilarga jiddiy zarar yetkazib, mahsulot hajmi va daromadlarning keskin pasayishiga olib kelgan. Assotsiatsiya rahbari qabul qilingan qarorni bozor uchun ijobiy qadam sifatida baholadi.
Ta’kidlanishicha, markirovka qoidalarini buzganlik uchun jazolarning yumshatilishi biznes faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yangi sharoitlar qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalar oqimini tiklash va ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Abdumannop Buriyev tadbirkor faoliyatida markirovkalash qoidalarini buzganligi uchun butun aylanmasidan 2% miqdorida jarima to‘lashi jazoning huquqbuzarlikka mutanosib emasligini qayd etib, jarimani qat’iy belgilangan summada belgilashni taklif qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ