Shveysariya sudi “Lombard Odier”ni Gulnora Karimova ishi bo‘yicha $3,68 mlnlik jarimaga tortdi
Bankka pul yuvishga qarshi yetarli choralar ko‘rmagani uchun 3 mln Shveysariya franki jarima belgilangan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shveysariya sudi “Lombard Odier” xususiy bankini pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmagani uchun 3 mln Shveysariya franki (taxminan $3,68 mln) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Sud qarori Gulnora Karimova bilan bog‘liq ko‘p yillik tergov doirasida qabul qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyada yuritilgan jinoyat ishi tugatildi.
Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovani pora olish va “The Office” (“Ofis”) nomi bilan tanilgan jinoiy guruhni boshqarishda ayblagan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur guruh 2005–2013-yillar davomida yuzlab million dollar noqonuniy mablag‘ni Shveysariya banklari orqali o‘tkazgan.
Jenevada joylashgan “Lombard Odier” banki va uning sobiq xodimi Karimovaning noqonuniy faoliyatidan olingan mablag‘larni yashirishga yordam berganlikda gumon qilingan. Aprel oyida boshlangan sud jarayoni yakunida sud bank pul yuvishning oldini olish uchun “barcha zarur va oqilona tashkiliy choralarni ko‘rmagan” degan xulosaga keldi.
Sud, shuningdek, 400 mln frankdan ortiq mablag‘ va aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqardi. Bankning sobiq hisob menejeri esa 24 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.
“Lombard Odier” 27-iyul kuni bergan bayonotida mazkur ish 2012-yilda bankning o‘zi shubhali operatsiyalar haqida Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga xabar berganidan so‘ng boshlanganini ma’lum qildi.
Bank o‘sha davrda ham pul yuvishga qarshi samarali ichki nazorat tizimiga ega bo‘lganini ta’kidlab, sud qarori ustidan apellyatsiya berishini bildirdi.
Avvalroq Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishini uning Shveysariyaga ekstraditsiya qilinishi ehtimoli mavjud emasligi va ish bo‘yicha da’vo muddati yakunlanishi kutilgani sabab tugatgandi.
Sud jinoyatlar sodir etilganidan buyon uzoq vaqt o‘tganini inobatga olib, bank va uning sobiq xodimiga tayinlangan jazolarni yengillashtirdi. Shuningdek, 2011-yil iyulidan oldingi voqealar bo‘yicha ayblovlar da’vo muddati tugagani sabab bekor qilindi.
Gulnora Karimovaga nisbatan O‘zbekistonda ilk jinoyat ishlari 2013-yilda o‘zlashtirish va soliqlardan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan qo‘zg‘atilgan.
2015-yilda u birinchi ish bo‘yicha besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. 2017-yilda esa ikkinchi ish doirasida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2020-yil mart oyida Toshkent shahar sudi uni til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Gulnora Karimova dastlab Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025-yil yanvar oyida esa uning shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum qilingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ