“Pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmadi” — Markaziy bank asosiy stavkaning saqlab qolingani haqida
Regulyator kelgusida inflyatsiya mo‘tadil sur’atlarda pasaygan taqdirda stavkani 0,25 bandga o‘zgartirish imkoniyatini istisno etmadi
Фото: Kapital.uz
29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani pasaytirish masalasi ko‘rib chiqilmadi. Bu haqda matbuot anjumanida Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti rahbari Samig‘jon Inog‘amov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.
Inog‘amovning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda faqat asosiy stavkani amaldagi darajada saqlab qolish masalasi muhokama qilingan. Bunga sabab sifatida regulyator yaqin choraklarda ham inflyatsiyani tezlashtiruvchi omillar ustun bo‘lib qolayotganini ko‘rayotganini keltirdi.
Bugungi yig‘ilishda asosan bitta taklif — asosiy stavkani saqlab qolish masalasi muhokama qilindi. Uni pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmadi. Chunki kelgusi choraklarda inflyatsiyani tezlashtiruvchi omillar va xatarlar ustun bo‘lib qolmoqda. Umuman olganda, xatarlar balansiga qaraydigan bo‘lsak, aynan shu asosda stavkani saqlab qolish taklifi muhokama qilindi, — dedi Inog‘amov.
Shuningdek, u asosiy stavkani pasaytirish siklini boshlash uchun qanday shartlar bajarilishi kerakligini ham tushuntirdi.
Markaziy bank vakilining ta’kidlashicha, asosiy mezonlardan biri bazaviy inflyatsiya hisoblanadi. Hozirda u 5,7% ni tashkil etmoqda va yil boshidan buyon deyarli o‘zgarmagan. Inflyatsiyani maqsadli 5% darajasiga tushirish uchun ushbu ko‘rsatkich barqaror pasayish bosqichiga o‘tishi zarur.
Bundan tashqari, regulyator aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarida ham sezilarliroq pasayishni kutmoqda.
So‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarda ma’lum darajada pasayish kuzatilmoqda, biroq ular kutilgan darajagacha tushgani yo‘q. Pasayish sur’atlari tezlashishi kerak. Ular umumiy inflyatsiya darajasiga yaqinlashishi lozim. Bu ham muhim omillardan biri sifatida ko‘rib chiqiladi, — dedi u.
Pul-kredit siyosatini yumshatish uchun yana bir muhim shart prognozlarning yangilanishi bo‘ladi. Agar tahlillar inflyatsiyaning 5% lik maqsadli darajaga o‘z vaqtida erishishiga xavf tug‘dirmasligini ko‘rsatsa, Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirish masalasini yana ko‘rib chiqishi mumkin.
Kutilayotgan xatarlarni inobatga olgan holda, kelgusi choraklarda inflyatsiyaning 5% lik maqsadli darajaga o‘z vaqtida erishishiga tahdid bo‘lmasa, ana shu omillar asosida stavkani pasaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin, — dedi departament rahbari.
Asosiy stavkani, masalan, 0,25% bandi kabi kichikroq qadam bilan o‘zgartirish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Inog‘amov bunday masalada yagona universal yondashuv yo‘qligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stavkaning qanchaga o‘zgartirilishi amaldagi makroiqtisodiy vaziyat va prognozlarga bog‘liq.
U Rossiya va Qozog‘iston markaziy banklari yaqinda inflyatsiya sekinlashgani sababli stavkalarni 0,25% bandiga pasaytirganini eslatdi. Biroq jahon amaliyotida bunday qarorlar har bir mamlakat sharoitidan kelib chiqib qabul qilinadi.
Agar inflyatsiya pasayayotgan sharoitda iqtisodiy faollik ham keskin pasaysa, odatda stavka kattaroq qadam bilan tushiriladi. Agar pasayish mo‘tadil bo‘lsa, yumshatish bosqichiga kichikroq qadamlar bilan o‘tiladi. Bunday qarorlar tahlillar asosida qabul qilinadi, — deya izoh berdi Markaziy bank vakili.
Shu bilan birga, u kelgusida iqtisodiy sharoit va prognozlar talab qilsa, O‘zbekiston Markaziy banki ham asosiy stavkani kichikroq qadamlar bilan o‘zgartirish amaliyotidan foydalanishi mumkinligini istisno etmadi.
Biroq regulyator hozircha asosiy stavkani 0,25% bandi qadam bilan o‘zgartirishga o‘tish bo‘yicha aniq rejalarni e’lon qilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ