Toshkent atrofida qiymati $1 mlrdlik ikki qavatli pullik halqa yo‘li qurilishi mumkin
Loyiha doirasida yo‘l o‘tkazgichlar, tunnellar, ko‘priklar va BRT uchun alohida yo‘laklar barpo etilishi rejalashtirilmoqda
Фото: пресс-служба президента
Toshkent shahrida xorijiy investorlar bilan hamkorlikda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ular orasida ikki qavatli avtomagistral, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa transport obyektlarini qurish ishlari ham bor. Bu haqda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorida keltirilgan.
Asosiy loyihalardan biri sifatida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan avtomagistralni barpo etish rejalashtirilgan. Qiymati 1 mlrd dollar deb baholanayotgan mazkur loyihani “China Railway Construction” korporatsiyasi amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.
“SINO-Hunan” kompaniyasi ham qiymati $1 mlrdga teng bo‘lgan yana bir loyihani bajarishi mumkin. Unga muvofiq, 7 ta yerosti yo‘li, 5 ta ko‘prik, 279 kilometr yo‘l hamda shaharning 16 ta ko‘chasida 57 kilometr uzunlikdagi tezkor avtobuslar (BRT) uchun alohida yo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan.
“China Construction” esa $500 mln miqdorida investitsiya kiritib, 3 ta transport chorrahasi, 4 ta kemping hududi va 27 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda.
“Shanghai Construction” kompaniyasi tomonidan $100 mln evaziga 7,7 kilometr yo‘l qoplamasini yangilash hamda bitta kemping markazini qurish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “Xinjiang Hui’er Agricultural” kompaniyasi bilan tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan.
Shu bilan birga, poytaxt hokimligi “Gazeta.uz” nashriga xorijiy kompaniyalar bilan hozircha qat’iy shartnomalar emas, balki faqat memorandumlar imzolanganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, shahar rahbariyati qo‘shimcha transport tugunlarini qurish bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqmoqda. Hozirda Mirzo Ulug‘bek, Buyuk Ipak yo‘li va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida taxminan $50 mln qiymatidagi yo‘l o‘tkazgich loyihasi bo‘yicha hisob-kitoblar o‘rganilmoqda.
Qiymati $44 mlnlik yana bir loyiha ham ekspertizadan o‘tmoqda. Unga ko‘ra, Shahrisabz (3 km), Amir Temur (7,6 km) va Yangi Sergeli (5,5 km) ko‘chalaridagi yo‘l uchastkalari rekonstruksiya qilinib, ularda ham BRT uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi.
Ayni paytda Mustaqillik, Mirzo Ulug‘bek, Do‘rmon yo‘li va Amir Temur ko‘chalarining 11 kilometrlik qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Pudratchilar harorat o‘zgarishlari hamda og‘ir yuk mashinalari bosimiga bardosh bera oladigan chaqiq tosh-mastikali asfalt-beton qoplamasidan foydalanmoqda. Mutaxassislar ushbu qoplama 10–15 yil xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ