Nukus shahridagi issiqlik ta’minoti uchun $20 mlndan ortiq investitsiya kiritiladi

Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega majmua barpo etiladi

Nukus shahridagi issiqlik ta’minoti uchun $20 mlndan ortiq investitsiya kiritiladi

Nukus shahridagi qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilinadi. Loyiha 28-iyul prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Nukusdagi mavjud markaziy qozonxona 1976-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Uning uskunalari ma’nan va jismonan eskirgan, energiya samaradorligi esa past.

Bugungi kunda 47 ta ko‘p qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan, yana 270 ta uy lokal isitish tizimidan foydalanmoqda. Qolgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar turli qo‘lbola isitish vositalari orqali isitilmoqda. Bunday vositalar ko‘p energiya sarflashi bilan birga odamlar salomatligi va hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi, deyiladi xabarda.

Hozirgi qozonxonada 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun qariyb 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kilovatt/soat elektr energiyasi sarflanmoqda. Uning amaldagi quvvati soatiga atigi 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.

Taqdimotda ushbu qozonxonani davlat-xususiy sheriklik asosida kogeneratsiya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Kogeneratsiya texnologiyasi bitta yoqilg‘i manbaidan bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy majmua barpo etiladi.

28 kilometr issiqlik tarmog‘i tortilib, 189 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi, zarur gaz va elektr infratuzilmasi yangilanadi.

Birinchi bosqichda 136 ta ko‘p qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, ya’ni 23 ming nafar aholi hamda 40 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadi. Keyingi bosqichlarda Nukus shahridagi barcha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini markazlashgan issiqlik tizimiga ulash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichiga $20 mlndan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, majmuani 2028-yil fevral oyida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Modernizatsiya natijasida qozonxonaning foydali ish koeffitsiyenti 80% dan 91% ga oshadi. Issiqlik ishlab chiqarish hajmi bir necha o‘n barobar ko‘payib, yiliga 172 ming megavatt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Yiliga 12,2 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi ham sezilarli qisqaradi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Nukus shahridagi mazkur tajriba asosida keyinchalik Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy banki asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
/
Markaziy banki asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay ishga tushirildi
/
Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay ishga tushirildi
Qoraqalpog‘istondagi kripto-kompaniyalar 2035-yilgacha oylik yig‘imlardan ozod etildi
/
Qoraqalpog‘istondagi kripto-kompaniyalar 2035-yilgacha oylik yig‘imlardan ozod etildi