O‘zbekistondagi yirik korxonalarning yarmi qarz foizlarini foydasi hisobidan qoplay olmaydi

Markaziy bank tahliliga kiritilgan 440 ta korxonaning qariyb 225 tasida soliqdan oldingi foyda foiz xarajatlarini to‘liq qoplashga yetmagan

O‘zbekistondagi yirik korxonalarning yarmi qarz foizlarini foydasi hisobidan qoplay olmaydi

Markaziy bank tahliliga kiritilgan 440 ta yirik korxonaning 51% ida soliq to‘lashdan oldingi foyda qarzlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun yetarli bo‘lmagan. Bu qariyb 225 ta korxonani anglatadi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida qayd etilgan.

Regulyator korxonalarning qarz bo‘yicha foizlarni to‘lash imkoniyatini foiz xarajatlarini qoplash koeffitsiyenti orqali baholagan. Mazkur ko‘rsatkich soliq to‘lashdan oldingi foydaning foiz xarajatlariga nisbatini ifodalaydi. Koeffitsiyent 100% dan past bo‘lsa, korxonaning joriy foydasi foiz to‘lovlarini to‘liq qoplamayotganini bildiradi.

1

Markaziy bank bunday holat korxonalarda defolt xavfi yuqoriligidan darak berishini qayd etgan. Biroq koeffitsiyentning 100 foizdan pastligi korxona avtomatik ravishda qarzlarini to‘lay olmasligini anglatmaydi. Foiz to‘lovlari mavjud pul zaxiralari, aktivlarni sotish, qayta moliyalashtirish yoki boshqa moliyaviy manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, tahlilga kiritilgan korxonalar bo‘yicha umumiy foiz xarajatlarini qoplash koeffitsiyenti 937% ni tashkil etgan. Ya’ni umumiy hisobda ularning soliq to‘lashdan oldingi foydasi foiz xarajatlaridan 9,37 baravar yuqori bo‘lgan.

Umumiy ko‘rsatkichning yuqoriligi va korxonalarning 51% ida qoplash koeffitsiyenti 100% dan pastligi bir-biriga zid emas. Bu umumiy natija ayrim yuqori foydali korxonalar hisobiga shakllangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq sharhda median ko‘rsatkich yoki korxonalar kesimidagi taqsimot keltirilmagan.

2025-yil yakunida zarar ko‘rayotgan korxonalar ulushi 2% bandga kamayib, 37% ni tashkil etgan. Biroq foiz xarajatlarini foydasi hisobidan qoplay olmayotgan korxonalar ulushi 51% darajasida saqlanib qolgan.

Bu muammo faqat zarar ko‘rayotgan tashkilotlar bilan cheklanmasligini anglatadi. Ya’ni foyda ko‘rayotgan korxonalarning bir qismida ham daromad qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarini qoplash uchun yetarli emas.

Korporativ sektorning boshqa ko‘rsatkichlari yaxshilangan

Tahlilning boshqa ko‘rsatkichlarida ijobiy dinamika kuzatilgan. Korxonalar majburiyatlarining kapitalga nisbati 7% bandga kamayib, 152% ga tushgan.

Joriy likvidlilik koeffitsiyenti 131% ga, aktivlar rentabelligi esa 19% ga yetgan. Markaziy bank ushbu ko‘rsatkichlar asosida korporativ sektorning umumiy moliyaviy holati yaxshilanganini qayd etgan.

Shunga qaramay, korxonalarning 51% ida foiz xarajatlarini foyda hisobidan qoplash darajasi 100% dan pastligi korporativ qarzdorlarning sezilarli qismi foiz stavkalari oshishi yoki daromadlari kamayishiga nisbatan zaif ekanini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, banklarning korporativ kredit portfeli uchun potensial kredit xatarini yuzaga keltiradi.

Sharhda foiz xarajatlarini qoplay olmayotgan korxonalar qaysi tarmoqlarga mansubligi, ularning umumiy qarzdorligi qancha ekani yoki kreditlari qaysi banklarda jamlangani ochiqlanmagan. Davlat va xususiy korxonalar bo‘yicha alohida taqsimot ham keltirilmagan.

Shu sababli 51% lik ko‘rsatkichning bank tizimi uchun real xavf ko‘lamini to‘liq baholash hozircha imkonsiz.

Bundan tashqari, tahlilga kiritilgan korxonalar tarkibi yirik qarz oluvchilar va mavjud ma’lumotlarga qarab o‘zgarishi mumkin. Shu bois mazkur ko‘rsatkichni barcha yirik korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etish yoki uni turli yillar bo‘yicha mutlaqo bir xil tanlanma sifatida solishtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari J.P. Morgan indeksiga kiritiladi
/
O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari J.P. Morgan indeksiga kiritiladi
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatiga yangi talablar joriy etiladi
/
O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatiga yangi talablar joriy etiladi