Janubiy Koreya O‘zbekistondan qurilish sohasiga mutaxassislarni jalb qiladi

Bakalavr diplomiga ega mutaxassislardan kamida bir yillik ish tajribasi talab etiladi

Janubiy Koreya O‘zbekistondan qurilish sohasiga mutaxassislarni jalb qiladi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya malakali o‘zbekistonlik mutaxassislarni qurilish sohasiga E-7 ishchi vizasi orqali jalb qilish mexanizmini muhokama qilmoqda. Muzokaralar O‘zbekiston prezidentining Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida o‘tkazildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Agentlik direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Worksmate Inc. kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Sevon Kim, shuningdek, ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi Hyun Ju kompaniyasi bosh direktori Sidok Li bilan uchrashdi.

Dastlabki shartlarga ko‘ra, E-7 vizasi orqali ishga joylashish uchun professional ta’lim muassasalarini tamomlagan nomzodlardan kamida besh yillik ish tajribasi talab qilinadi. Bakalavr darajasiga ega mutaxassislar uchun esa kamida bir yillik tajriba yetarli bo‘ladi. Magistr darajasiga ega nomzodlardan ish staji talab qilinmaydi.

Boshlang‘ich maosh oyiga 2 156 880 vonni yoki qariyb $1,5 mingni tashkil etadi. Mutaxassisning malakasi oshgani sari ish haqi ham ko‘tarib boriladi.

Mazkur mexanizm orqali Janubiy Koreya O‘zbekiston, Vetnam, Mo‘g‘uliston va Tailanddan qurilish sohasi mutaxassislarini jalb qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarini E-7 yo‘nalishi bo‘yicha ishga qabul qilish hali boshlanmagan. Tomonlar mexanizmni ishga tushirish shartlarini muhokama qilishni davom ettirmoqda.

Migratsiya agentligi kadrlarni maqsadli tayyorlashni tashkil etishni taklif qildi. Ushbu model O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalariga koreys tilini o‘rgatish, kasbiy malaka va mahalliy korxonalarda amaliy tajriba orttirish hamda keyinchalik Janubiy Koreyada ishga joylashtirishni nazarda tutadi.

EPS tizimini takomillashtirish masalasi ham muhokama qilindi

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari Janubiy Koreyada E-9 ishchi vizasi orqali mehnat qiladigan amaldagi EPS tizimini ko‘rib chiqdi.

Xususan, qurilish yo‘nalishi bo‘yicha EPS-TOPIK imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlarni koreyalik ish beruvchilar tomonidan tanlash jarayonini faollashtirish zarurligi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, agentlik Worksmate Inc. tomonidan boshqariladigan GADA raqamli platformasi orqali Janubiy Koreyaning qurilish kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishni taklif qildi.

Kompaniyaning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, Worksmate Janubiy Koreyadagi 1,5 mingdan ortiq qurilish kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. GADA platformasida ishchilarning tajribasi haqidagi ma’lumotlar saqlanadi, hujjatlarni raqamli shaklda yuritish va ish beruvchilar bilan xodimlar o‘rtasidagi hamkorlikni soddalashtirish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, GADA platformasini Migratsiya agentligining “Xorijda ish” elektron platformasi bilan integratsiya qilish imkoniyati muhokama qilindi. Bunda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi va Worksmate Inc. hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv xatini imzoladi. Kompaniya vakillari muzokaralarni davom ettirish va kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif qilindi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yildan bekor qilish taklif etildi
/
O‘zbekistonda ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yildan bekor qilish taklif etildi
Qoraqalpog‘istonda $7 mlrdlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi
/
Qoraqalpog‘istonda $7 mlrdlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi
IT Park sentabr oyining 15 kunida 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi
/
IT Park sentabr oyining 15 kunida 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi