Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistonni tark etishi mumkin

Bank xorijdagi aktivlarini qayta ko‘rib chiqib, qaysi bo‘linmalardan voz kechish mumkinligini o‘rganmoqda

Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistonni tark etishi mumkin

Korea Development Bank (KDB) O‘zbekistondagi sho‘ba tuzilmasini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya OAVlari moliya sektori vakillariga tayanib xabar berdi.

Bank xorijdagi tarmog‘i samaradorligini baholab, qaysi bo‘linmalardan voz kechish mumkinligini o‘rganmoqda. Hozirda KDBning xorijda 25 ta bo‘linmasi mavjud bo‘lib, ular 7 ta sho‘ba bank, 12 ta filial va 6 ta vakolatxonadan iborat. Yil boshida ochilishiga ruxsat berilgan Vetnamdagi filial ham hisobga olinsa, ularning soni 26 taga yetadi.

Koreya taraqqiyot banki uzoq vaqt davomida faoliyat yuritayotgan, biroq o‘sish istiqbollari yaqqol ko‘rinmayotgan yoki filial maqomini olish imkoniyati bo‘lmagan bo‘linmalarni baholamoqchi. Bir hududdagi bir nechta ofisni birlashtirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Natijada bankning xorijdagi tarmog‘i qisqarishi mumkin.

KDB O‘zbekistonda 2006-yildan buyon faoliyat yuritadi. O‘sha yili bank Daewoo guruhi tarkibidagi Toshkent bankini sotib olgan. Hozirda KDB xorijdagi portfelini qayta ko‘rib chiqish doirasida O‘zbekistondagi sho‘ba tuzilmasini sotish imkoniyatini ham o‘rganmoqda.

Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, O‘zbekiston bozoridagi asosiy potensial xaridorlar mamlakatdagi ishtirokini kengaytirayotgan Janubiy Koreya banklari bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, KDB Shinhan va Hana banklari tomonidan ehtimoliy qiziqish bor-yo‘qligini ham o‘rgangan. Shu bilan birga, bank ichida O‘zbekistondagi biznesni saqlab qolish tarafdorlari ham bor. Shu sababli yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

KDB esa O‘zbekistondagi sho‘ba tuzilmasini sotish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmaganini bildirgan.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston moliya bozorida Janubiy Koreya moliya tashkilotlarining ishtiroki kuchaymoqda. Shinhan Bank mamlakatda mahalliy tuzilma tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, Hana Bank esa vakolatxona ochishni boshlagan. Shuningdek, O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yana bir davlat banki — Export-Import Bank of Korea vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.

KDBning xorijdagi tarmog‘ini qayta ko‘rib chiqishi Janubiy Koreya hukumati davlat tashkilotlari samaradorligini oshirishga qaratgan siyosati fonida amalga oshirilmoqda. Hukumat o‘xshash funksiyalarni bajaruvchi tashkilotlarni birlashtirish va davlat tuzilmalarining xorijdagi vakolatxonalarini umumiy binolarda joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Bunday konsolidatsiyaning birinchi bosqichini AQSh, Vetnam, Keniya va Dubayni o‘z ichiga olgan beshta hududda amalga oshirish rejalashtirilgan.

KDB uchun xorijdagi ishtirokni qayta ko‘rib chiqish faqat ayrim bo‘linmalarni yopish yoki sotishni anglatmaydi. Bank resurslarni biznesni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega deb hisoblangan bozorlarga qayta taqsimlashni ham rejalashtirmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi
/
Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi
O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi
/
O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi
/
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi