Iordaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talabini bekor qildi
25-sentabrdan o‘zbekistonliklar mamlakatda 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin
O‘zbekiston fuqarolari 25-sentabrdan boshlab Iordaniyaga vizasiz bora oladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
Samarqandda 26-avgust kuni O‘zbekiston va Iordaniya rahbarlari viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.
Burxonovning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan 30 kun o‘tib — 25-sentabrdan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, tomonlar turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan. Xususan, Toshkent-Amman yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ