Aprel oyida mamlakatda inflyatsiya darajasi 0,6% ga oshdi
Narxlar o‘sishining asosiy omili oziq-ovqat mahsulotlarida kuzatilib, ular 1% ga qimmatlashgan
Фото: « РИА Новости»
2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi oylik hisobda 0,6% ga oshdi, deb xabar bermoqda Milliy statistika qo‘mitasi.
Yillik inflyatsiya darajasi 7% ni tashkil etib, so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etildi. Taqqoslash uchun, 2025-yil aprelida bu ko‘rsatkich 10,1% bo‘lgan.
Yil boshidan buyon (yanvar–aprel) narxlar o‘rtacha 2,5% ga oshgan. Meva-sabzavotlar narxini hisobga olmagandagi yillik inflyatsiya esa 7,6% ni tashkil etgan. Markaziy bank inflyatsiyani 5% lik maqsadli darajaga tushirishni rejalashtirgan bo‘lib, bunga 2027-yilda erishish kutilmoqda.
Aprel oyida narxlar o‘sishining asosiy omili oziq-ovqat mahsulotlari bo‘ldi. Ushbu toifadagi mahsulotlar 1% ga qimmatlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3% ga, xizmatlar esa 0,4% ga oshgan.
Xususan, go‘sht mahsulotlari sezilarli qimmatlashdi: qo‘y go‘shti 3,7% ga, mol go‘shti 3,2% ga, qiymasi esa 2,9% ga oshgan. Yillik hisobda qo‘y go‘shti 20,3% ga, mol go‘shti esa 16–17% ga qimmatlagan. Shuningdek, shakar (2,2%), baliq (2%) va o‘simlik yog‘i (0,8%) narxlari ham oshgan.
Ayrim mahsulotlar narxining pasayishi inflyatsiyani chekladi. Jumladan, tuxum 3,6% ga, parranda go‘shti 1,2–1,3% ga va guruch 1,1% ga arzonlashgan. Meva-sabzavotlar segmentida esa narxlar turlicha o‘zgardi: bulg‘or qalampiri (10,3%), kartoshka (6,5%) va olma (4,5%) qimmatlashgan bo‘lsa, bodring 26,1% ga, ko‘katlar 3,3% ga, piyoz 2,7% ga va pomidor 2,4% ga arzonlashgan.
Transport va yoqilg‘i xarajatlari ham umumiy inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatdi. Benzin narxi o‘rtacha 1,4% ga (AI-92 — 1,6%), metan 0,7% ga qimmatlashgan, propan esa 2,8% ga arzonlashgan.
Xizmatlar sohasida ham narxlar oshgan: xalqaro aviachipta narxlari 2,6% ga, ichki reyslar 2,3% ga, uzoq masofali poyezdlar 1,4% ga va shahar avtobuslari 1,6% ga qimmatlashgan. Kommunal xizmatlarda esa maishiy chiqindilarni olib chiqish 2,4% ga oshgan, uy-joy ijarasi narxlari esa oylik 0,6 %ga ko‘tarilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ