Yillik inflyatsiya iyun oyida 6,4% ga yetdi, narxlar o‘sishi yana tezlashdi
Elektr va gaz tariflari hamda ko‘mir narxining yuqorilashi inflyatsiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatgan
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yil iyun yakunlariga ko‘ra yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi. Shu tariqa narxlar o‘sishi bir necha oy davom etgan pasayish tendensiyasidan so‘ng yana tezlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
May oyida yillik inflyatsiya 5,5% bilan eng past darajaga tushgandi. Iyun oyida esa ko‘rsatkich 0,9% bandga oshdi. Shunga qaramay, inflyatsiya o‘tgan yilning mos davridagi 8,7% lik darajadan 2,3% band past bo‘lib qoldi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar o‘sishiga energiya tariflarining oshirilishi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Iyun oyida elektr energiyasi tariflari o‘rtacha 9,6% ga, tarmoq gazi esa 10,7% ga qimmatlashdi. Natijada elektr energiyasi oylik inflyatsiyaga 0,22% band, gaz esa 0,16% band hissa qo‘shdi.
Inflyatsiyaga eng katta ta’sir ko‘mir narxining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ko‘mir strategik tovarlar ro‘yxatidan chiqarilgach, uning narxi 2,1 baravar oshdi. Bu esa oylik inflyatsiyani 0,48% bandga oshirdi.
Iyun oyida oylik inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yil iyunida 0,2% lik deflyatsiya qayd etilgandi. Yil boshidan buyon iste’mol narxlari 3,3% ga oshdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4,2% bo‘lgan.
Meva-sabzavot mahsulotlarini hisobga olmaganda, iyun oyida narxlar 1,5% ga oshdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 0,5% dan ancha yuqori. Mazkur segment bo‘yicha yillik inflyatsiya 6,9% ni tashkil etdi.
Mavsumiy omillar hisobiga oziq-ovqat mahsulotlari narxi iyun oyida o‘rtacha 1,4% ga arzonlashdi. Shu bilan birga, yil boshidan buyon oziq-ovqat narxlari 2,4% ga, so‘nggi 12 oyda esa 6,3% ga oshgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi iyun oyida 2,3% ga ko‘tarildi. Bu o‘tgan yilning shu oyidagi 0,2% lik o‘sishdan ancha yuqori. Yil boshidan buyon ushbu toifadagi mahsulotlar 3,9% ga qimmatlashdi, yillik o‘sish sur’ati esa 5,9% ni tashkil etdi.
Pullik xizmatlar narxi bir oy davomida 1,8% ga oshdi. Yil boshidan buyon xizmatlar narxi 4,1% ga, yillik hisobda esa 7,1% ga ko‘tarilgan.
Hududlar kesimida iyun oyida eng yuqori oylik inflyatsiya Xorazm viloyatida 1%, Farg‘ona viloyatida esa 0,9% ni tashkil etdi. Boshqa hududlarda narxlar o‘sishi 0,3–0,7% oralig‘ida bo‘ldi.
Yillik inflyatsiya bo‘yicha Samarqand viloyati 6,8% bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (6,7%) va Andijon (6,6%) viloyatlari qayd etildi. Eng past yillik inflyatsiya esa Surxondaryo viloyatida kuzatilib, 5,7% ni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ